Janubiy Koreya quyosh energiyasi ishlab chiqarishni 5 marotaba oshiradi 

Fan-texnika 00:17 / 29.12.2017 6565

Janubiy Koreya savdo, sanoat va energetika vaziri mamlakat hukumati 2030 yilgacha quyosh energiyasi ishlab chiqarishni 5 marotabaga oshirish rejasini ma'lum qildi. 

Bu bayonot joriy yilda saylangan prezident Mun Chje In yangi atom elektr stansiyalari qurilishining davlat tomondan qo‘llab-quvvatlanishini to‘xtatish va elektr energiyaning ekologik sof manbalariga yo‘nalish olishga va'da berganidan keyin berilgan.

Janubiy Koreya hukumati 6 ta yadroviy reaktor qurilishini bekor qildi.  

Hammasi bo‘lib mamlakat 2030 yilgacha ishlab chiqariladigan elektr energiyaning beshdan bir qismini tiklanuvchi manbalardan olmoqchi. O‘tgan yil bu ko‘rsatkich 7 foizni tashkil qilgandi. Buning uchun belgilangan muddatga qo‘shimcha 30,8 GVt quyosh va 16,5 GVt shamol energiyasi olish rejalashtirilmoqda. Qo‘shimcha energiya yirik loyihalardan hamda xususiy uy xo‘jaliklari va kichik biznesdan olinadi, deb aytdi vazir Payk Ungyu.

“Biz tiklanuvchi energetika rivojlanishi yo‘lini tubdan o‘zgartiramiz, bunda fuqarolar tiklanuvchi energiyani sotishda oson ishtirok eta oladigan sharoitlar yaratamiz”, deb aytdi vazir.

Bu 2022 yilgacha 30 ta uy xo‘jaligidan taxminan bittasi quyosh panellari bilan jihozlanishini anglatadi.

Hozirda Janubiy Koreya atom energiyasini ishlatish bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinni egallaydi. Mamlakatda 24 ta amaldagi reaktor mavjud bo‘lib, ular mamlakatning elektr energiyaga ehtiyojining uchdan bir qismini ta'minlaydi.

Janubiy Koreya uy xo‘jaliklari tomondan ortiqcha elektr energiyani sotish tizimini sinovdan o‘tkazib kelmoqda. Blokcheynga asoslangan xizmat oddiy birja kabi ishlaydi: foydalanuvchi o‘z taklifini bildiradi, elektr energiyani o‘tkazib beradi va bunga ballar oladi. Bu ballarni naqd pulga almashtirish yoki elektromobillarni quvvatlashda qo‘llash mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: