Joriy yilda yetakchi avtokonsernlar yaqin yigirma yil ichida elektromobillar ishlab chiqarishga to‘liq o‘tilishi haqida e'lon qilishdi. Bu esa energoresurslar bozoriga o‘zining jiddiy ta'sirini o‘tkazishi mumkin, deb yozadi Forbes.ru
Jahonning kelajakdagi neft bozori uchun asosiy voqea sentabr oyining boshlarida Xitoy sanoat va axborot texnologiyalari vaziri Sin Gobingning hukumat ichki yonuv dvigatellariga ega avtomobillar sotuviga yakuniy taqiq qo‘yilishi muddatini manfaatdor tomonlar bilan muhokama qilayotgan to‘g‘risidagi bayonoti bo‘ldi. E'tibor qiling — taqiqning o‘zi emas, uning muddati muhokama bo‘lyapti.
Xitoy vazirining bayonotidan so‘ng ikki kun o‘tib, dunyodagi eng yirik avto ishlab chiqaruvchilardan biri — Volkswagen 2030 yildan boshlab faqat elektromobillar ishlab chiqarishini e'lon qildi. Buning uchun u elektromobillar dasturiga 20 mlrd yevro sarmoya kiritadi, yana 50 mlrd yevroni ular uchun batareyalar xarid qilishga sarflaydi. Shimoliy Amerikaning eng yirik avtomobilsozi General Motors ham kompaniyaning yangilangan strategiyasini taqdim etdi.
Elektromobillarga dov tikish
Shimoliy Amerika “katta uchligi”ning ikkinchi vakilining yangi rahbari Ford ichki yonuv dvigateli loyihalaridan 4,5 mlrd dollar ayirib, elektromobillar ishlab chiqarishga bosh qo‘shishini e'lon qilgan bo‘lsa, Yaponiyaning Toyota’si 2015 yilda tasdiqdan o‘tib bo‘lgan strategiyani o‘zgartirib, ichki yonuv dvigatelidan 2050 yilda emas, 2040 yilda to‘liq voz kechilishini ma'lum qildi.
Ichki yonuv dvigatelidan voz kechish haqida yaponlarning Mazda’si (2030-yillar birinchi yarmida), nemislarning Opel’i (Yevropa bozorlarida 2024 yildan), shvedlarning Volvo’si (2019 yildan) e'lon qilib bo‘lgan, fransuz-yapon alyansi Renault–Nissan rahbari Karlos Gon esa, 2040 yilga kelib, dizelli va benzinli transportlar qolmasligini ta'kidlagan.
2025 yildan 2040 yilgacha bo‘lgan oraliqda ichki yonuv dvigatelidan voz kechish haqida Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya hukumatlari bayonot berib bo‘lishgan. Hindiston hukumati ham 2030 yildan boshlab barcha avtotransport vositalarini elektromobillarga almashtirish rejasini muhokama etmoqda.
Agar bularning barchasi yig‘ilsa, to‘rt yirik bozorning uchtasi — Xitoy, Yevropa va Yaponiya ichki yonuv dvigatellariga ega avtomobillar uchun yo‘q bo‘ldi hisob.
Jahon avtoparkining elektromobillashishiga nisbatan konservativ qarashlari o‘z-o‘zidan tushunarli bo‘lgan OPEC ham o‘z prognozlarida 2035 yildan boshlab ichki yonuv dvigatellaridan voz kechish neft iste'moli qisqarishini boshlab berishini va 2040 yilga borib qisqarish 3–5 foizni tashkil etishini ko‘rsatib o‘tgan. Lekin OPEC’ga xos tarzda o‘z prognozida bir chimdim qalampir ketidan bir qop shakar ham taqdim etgan: uning tahlilchilari fikricha, 2018–2035 yillarda neftga bo‘lgan talab uchdan bir qismga o‘sadi.
Avtobozor
Agar 2016 yil uchun yirik avto ishlab chiqaruvchilar ro‘yxati olinsa, Volkswagen, Renault–Nissan, General Motors, Toyota va Ford elektromobillarga ko‘proq ishonishini, hamda qisqa muddatda elektrokarlar va ichki yonuv dvigatelli avtolar modellari qatorini tenglashtirishini ta'kidlab o‘tishgan. Volkswagen, Renault–Nissan, General Motors 2016 yilda birgalikda 26,5 millionta yangi avtomobil ishlab chiqarishgan, Toyota va Ford esa yana 16,2 mln. Bu hali BMW, Mazda, Opel, Volvo va millionlab mashina ishlab chiqaryotgan xitoylik avtomobilsozlar hisobga olinmaganda! 2016 yilda butun dunyo bo‘ylab 95 million avtotransport vositalari ishlab chiqarilgan.
Tushunishingiz uchun: o‘sha OPEC’ning ma'lumotlariga ko‘ra, avtotransport vositalari jahonda ishlab chiqarilayotgan neftning 44 foizini iste'mol qiladi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, ishonch bilan ta'kidlash mumkinki, jahon avtoparkining elektr dvigatelga o‘tishi kutilganidan tezroq amalga osha boshladi, binobarin, kutilganidan-da tezroq tugaydi. Aynan o‘sha 44 foiz iste'moldagi neft tahdid ostida. Yutayotganlar esa litiy, kobalt, mis va gaz ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, quyosh va shamol elektr energetikasi bilan shug‘ullanayotganlardir.
Shunday qilib, jahon neft bozori uchun vaziyat quyidagicha tus olishi mumkin: taktik darajada neft narxining eng yuqori darajasini slanetsli neft qazib olish belgilab beradi, strategik darajada esa jahon avtoparki tomonidan 2017 yilda boshlab berilgan elektr dvigatelga o‘tish tendensiyasi 15–20 yilda jahon miqyosida neftga bo‘lgan talabni uchdan bir qismga hattoki undan ham ko‘proqqa qisqartirishi mumkin.