Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabning 10-sinf o‘quvchilari qator imtiyozlarga ega bo‘lishadi

Fan-texnika 11:50 / 27.12.2017 12058

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda 2018 yil O‘zbekistonda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlanishi munosabati bilan maxsus aksiya o‘tkazilmoqda.

Ixtisoslashtirilgan maktab O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 14 sentabrdagi qarori asosida tashkil etildi. Maktab o‘quvchilari davlat umumiy o‘rta ta'lim standartlari asosida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilgan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarini chuqur o‘zlashtirishadi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab hozirda 2017-2018 o‘quv yili uchun 10-sinf o‘quvchilarini qabul qilish maqsadida tanlov e'lon qilgan. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar qator imtiyozlarga ega bo‘ladilar.

O‘qishni istagan yoshlar 2018 yilning 6 yanvar kuniga qadar kerakli hujjatlarni topshirishlari va matematika, fizika, ingliz tili fanlaridan yozma imtihonlardan o‘tishlari lozim bo‘ladi. Maktabning nizomiga ko‘ra, ta'lim o‘zbek tilida olib boriladi.

Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar axborot texnologiyalari, fizika va matematika fanlarini chuqur o‘rganishlari bilan birga qator imtiyozlarga ega bo‘ladilar.

Jumladan, har bir o‘quvchiga oylik yo‘l chiptasi hamda o‘qish davomida foydalanish uchun kompyuter beriladi. Bundan tashqari, fizika, matematika va ingliz tilidan Toshkent shahridagi Inha universiteti o‘qituvchilaridan qo‘shimcha darslarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ushbu aksiya 2018 yil O‘zbekistonda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlanishi munosabati bilan va yoshlarga ta'lim olishlari uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: