Tinib-tinchimas Ilon Mask avtomobillar bozorida inqilob qilishdagi intilishida to‘xtashni istamayapti. Tesla yuk mashinasi taqdim qilinganidan uncha ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, ixtirochi tvitterda o‘z kompaniyasining kelgusi rejalari bilan bo‘lishdi.
Mask Tesla pikap ishlab chiqarishiga umid bildirgan foydalanuvchiga “Biz Model Y chiqishi bilanoq pikap ishlab chiqamiz. Men 5 yildan beri uning loyihaviy va muhandislik elementlari ustida fikr yuritmoqdaman va uni ishlab chiqarishni sabrsizlik bilan kutmoqdaman”, deb javob qilgan.
Maskning aytishicha, yangi mashinaning o‘lchamlari Ford F-150 modelinikiga yaqin bo‘ladi. Mask anchadan beri pikap yaratishni rejalashtirib yuradi. Biroq bu mashina yaqin 3 yilda chiqishi dargumon, chunki Mask eslab o‘tgan Model Y krossoveri bozorga 2020 yildan keyin chiqishi kutilmoqda.