Shvetsiyaning EV-Volumes kompaniyasi prognoziga ko‘ra, 2018 yil oxiriga kelib dunyo ko‘chalari bo‘ylab 5 mln elektromobil harakatlanib yuradi. Hozirda esa jami elektromobillar soni 3 mln dan ko‘proqni tashkil qilmoqda.
Yirik brendlarning Nissan Leaf’dan boshlab Jaguar iPace’gacha yangi modellari paydo bo‘ladi. AQShda esa haydovchilar oxir-oqibat Tesla Model 3’ni oladilar.
Elektrokarlar uchun eng yirik bozor Xitoy bo‘lib qolmoqda. Xitoy hukumati karbonat angidridning atrof-muhitga chiqarilishini kamaytirish maqsadida elektrokarlarning tarqalishiga har tomonlama ko‘mak bermoqda. 2020 yildan boshlab 10 ta yangi elektrokar ishlab chiqarishga va'da berayotgan Toyota aynan Xitoy bozorini mo‘ljal qilgan. Kompaniya 2025 yildan boshlab elektr yoki gibrid muqobili bo‘lmagan ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni boshqa ishlab chiqarmaydi. Avvalroq bu haqda Volvo va Jaguar kompaniyalari ma'lum qilgandi.
Toyota 2030 yilgacha millionta elektrokar sotishni rejalashtirmoqda, Volkswagen esa bunga 2025 yilgacha erishmoqchi. BMW esa 2025 yilgacha 12 ta elektrokar ishlab chiqarmoqchi. Elektrokarlar uchun batareyalar ishlab chiqarishda ham raqobat kuchayishi kutilmoqda. BMW bu borada SolidPower bilan hamkorlik qilmoqda, Toyota esa o‘z bo‘linmasini tashkil etgan.
Elektrokarlar savdosi katta miqdorda oshganiga qaramasdan, ularning jahon bozoridagi ulushi hozircha juda kichikdir: joriy yilda ichki yonuv dvigateliga ega mashinalardan 80 mln ta sotilgan bo‘lsa, elektrokar va gibrid mashinalardan bor-yo‘g‘i 1 mln ta sotilgan. Ya'ni elektrokarlar ulushi butun bozorning 1,25 foizini tashkil qilmoqda.
Tadqiqotlarga ko‘ra, elektrokarlarga o‘tish orqali o‘rtamiyona amerikalik yonilg‘ida yiliga 770 dollar tejar ekan.