HMD Global kompaniyasi 2018 yilda o‘z davrining eng mashhur QWERTY-telefonlaridan biri hisoblangan Nokia E71 smartfonini qayta ishlab chiqaradi. Gizmochina shu haqida xabar berdi.
Qurilmaning yangilangan versiyasi to‘laqonli jismoniy QWERTY-klaviatura va 3,5 dyuymli displeyga ega bo‘ladi. Smartfon 4G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi Qualcomm Snapdragon 205 protsessori bilan ta'minlanadi. Shu bilan birga, yangilangan E71 telefoni 1 Gb operativ va 8 Gb ichki xotira bilan sotuvga chiqadi.
Smartfonning yagona kamerasi 3 Mp'ni qo‘llab-quvvatlaydi. Telefonning bir yoki ikki SIM-kartali versiyalari mavjud. Qurilma narxi 150-300 dollar atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Original Nokia E71 2008 yilda ishlab chiqarilgan. U QWERTY-klaviaturali eng yaxshi smartfonlardan biri hisoblanadi. E71 endigina bozorga chiqqan yili 15 million nusxada sotilgan. HMD Global 2017 yilda Nokia 3310 telefonini qayta ishlab chiqardi.
Finlyandiyaning HMD Global kompaniyasi 2016 yilda Nokia brendi va tugmali telefonlar ishlab chiqarish biznesini Microsoft'dan sotib oldi.