Facebook ijtimoiy tarmog‘i Amerikaning Universal Music Group (UMG) ovoz yozish kompaniyasi bilan lisenzion shartnomani imzoladi. U ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga huquqiy jihatdan UMG'ga tegishli musiqiy kompozitsiyalar qo‘shilgan videoyozuvlarni to‘siqsiz joylash imkonini beradi. The Verge shu haqida xabar berdi.
Bugungi kunda Facebook foydalanuvchilari UMG'ga tegishli qo‘shiqlar yangrovchi videolarni joylagan taqdirda, mualliflik huquqi buzilishi munosabati bilan ijtimoiy tarmoq bunday roliklarni o‘chiradi. Tez orada esa foydalanuvchilar ham Facebook ijtimoiy tarmog‘ining o‘zida, ham unga tegishli bo‘lgan servislar, masalan, Instagram'da bunday videolarni joylashi va ular bilan bo‘lishishi mumkin bo‘ladi. Shartnoma qachon kuchga kirishi borasida aniqlik kiritilmagan.
UMG huquqiy jihatdan Rianna, Jyey-Zi, Bryus Springstin va Jastin Biber kabi qo‘shiqchilarning kompozitsiyalariga egalik qiladi. Internet-resurs ma'lumotlariga ko‘ra, Facebook, shuningdek, Warner Music Group va Sony Music Group bilan ham xuddi shunday lisenzion shartnomalarni tuzish to‘g‘risidagi muzokaralarni olib bormoqda.