O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida ilk bor “Kasb mahorati” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Respublika Fanlar akademiyasi fizika-quyosh ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi va Xalqaro quyosh energiyasi instituti hamkorligida tashkil etilgan ushbu tanlovda bir qancha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Ular orasida Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida istiqomat qiluvchi Eldor Rajabov ham bor.
Eldor Mirishkor maishiy xizmat kasb-hunar kolleji radio-teleapparaturalarni ta'mirlovchi usta yo‘nalishida tahsil oladi. U taklif etgan ishlanma ham bir qator afzalliklarga ega. Eldor yasagan ixcham qurilma quyosh energiyasi asosida ishlaydi.
– Maqsadim – uzoq cho‘l hududlarida yashovchi aholining og‘irini yengil qilish, – deydi Eldor. – Bu joylarda elektr energiyasi iste'moliga talab yuqori. Ammo taqchillik sabab mavjud jihozlardan to‘la foydalana olishmaydi. Birgina mobil telefonlarni quvvatlantirish ham jiddiy muammo. Mening samarali qurilmam ana shu imkoniyatni beradi. Uni yasashda ikkilamchi materiallarni ishlatdim. Qurilma korpusi sifatida kolonkadan foydalandim. Uning tepa qismiga quyosh nurini yutib energiya ishlab chiqaruvchi panellar o‘rnatdim. Endilikda ushbu qurilma yordamida kam quvvatli jihozlar, jumladan, mobil telefon, fonarni quvvatlantirish mumkin. Bu, ayniqsa, cho‘ponlarga asqotadi, deb o‘ylayman. Mazkur ishlanmam ko‘rik-tanlov hakamlari tomonidan yuqori baholanib, “Samarali qurilma” nominatsiyasida birinchi o‘rinni oldim.
Eldorning so‘zlariga ko‘ra, qurilmani takomillashtirishda uning ustozi, kollejning ishlab chiqarish ta'limi ustasi Hasan Shavqiyevning maslahatlari ham qo‘l keldi. Ular kelgusida mazkur ishlanmaga yana bir qancha qo‘shimchalar kiritish, uni yanada maqbullashtirishni mo‘ljallashmoqda. Iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qo‘shayotgan hissasi e'tiborga olinib, o‘qituvchi ham maxsus sertifikat bilan taqdirlandi.