Bosch — avtoishlab chiqaruvchilar uchun dunyodagi eng yirik ehtiyot qismilari yetkazib beruvchilardan biri, kompaniya soha elektrifikatsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun elektrokarlar ehtiyot qismlari uchun katta mablag‘larni sarmoya qiladi. Biroq yaqin-yaqingacha Bosch eng muhim komponentlardan biri — akkumulyator batareyalarini ishlab chiqarmas edi.
Bir yil avval kompaniya Seeo Inc. qattiq akkumulyator batareyalarini ishlab chiqarish bo‘yicha startapni xarid qilgandi, o‘shandan beri 2020 yilda bozorga chiqadigan yangi texnologiya - 50 kVt*s quvvat va 190 kilogramm og‘irlikka ega batareyalar blokiga doir rejalari bilan kamdan-kam holatlarda bo‘lishayotgandi. Shunday bo‘lsa-da, akkumulyator ishlab chiqarish haqida gap yo‘q edi. Biroq kompaniyaning so‘nggi izohlari Bosch 2018 yilda aynan shu ish bilan shug‘ullanmoqchi ekaniga ishora qiladi.
Kompaniya bosh ijrochi direktori Folkmar Dennerning so‘zlariga ko‘ra, Bosch 2030 yilga borib, 200 GVt*s quvvatga ega akkumulyator batareyalarini ishlab chiqaruvchi zavodni ishga tushirish uchun 20 milliard yevro sarmoya kiritishi mumkin. "Agar biz ushbu soha bozorining hech bo‘lmaganda 20 foizini egallasak, bu bizga yetakchi pozitsiyalarni ta'minlaydi. Shunga qaramay, bunday sarmoyalar biz uchun tavakkal hisoblanadi, moliyaviy tomondan emas - bu borada Bosch'da muammolar yo‘q. Biroq biznes nuqtai nazaridan, bunday qarorlarni qabul qilishda ehtiyot bo‘lgan ma'qul", - deya izohladi Denner. Shuningdek u agar kompaniya akkumulyator ishlab chiqarishni boshlasa, bu qattiq batareyalarning yangi avlodi bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Agar Bosch shunday qaror qabul qilsa, bu akkumulyator batareyalarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan tarixdagi eng yirik sarmoya bo‘ladi. Hatto sohadagi eng yirik zavod hisoblanuvchi Nevadadagi Gigafactory 1 Tesla ham 105 GVt*s ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Biroq eng qizig‘i - kompaniyaning aynan qattiq akkumulyator batareyalarini ishlab chiqarishga doir qaror qilganida. Ular hozircha litiy-ion batareyalardan ancha xavfsiz hisoblanadi, biroq bu batareyalarning ham o‘ziga yarasha kamchiliklari bor. Bundan tashqari, hozirga qadar hech kim ularni katta hajmda va litiy-ion akkumulyatorlari bilan raqobatlasha oluvchi narxda ishlab chiqarmagan. 20 milliard yevrolik sarmoya buni to‘g‘irlashi mumkin.
Benchmark konsalting kompaniyasi baholariga ko‘ra, yaqin bir necha yilda litiy-ion akkumulyatorlarini ishlab chiqaruvchi 26 megafabrika faoliyat yuritadigan bo‘ladi. Ularning muayyan qismi ekspluatatsiyada, boshqalari esa 2021 yilga borib ishga tushadi. Tahlilchilar yiliga 1 GVt*s akkumulyator ishlab chiqaruvchi zavodlarni megafabrikalar toifasiga kiritishadi.