Argentinaning “Yuventud” klubi mamlakat chempionatining eng quyi divizioniga tushirib yuborildi va bir yilga musobaqalarda ishtirok etishdan chetlatildi. Bunga esa klub muxlislarining “Independente” bilan uchrashuvda hakamlarni urganlari sabab bo‘lgan.
Klub, shuningdek, 450 ming argentin pesosiga (22 ming dollar) jarimaga tortildi.
Voqea noyabr oxirida yuz bergan. Hakamlar brigadasi ishidan achchiqlangan muxlislar bosh hakam Bruno Amikoni va uning yordamchilari Marselo Akosta va Maurisio Lunakni do‘pposlashgan. Fanatlardan biri Amikonining boshini tosh bilan yorgan. To‘polonning boshlanishiga “Yuventud” futbolchilaridan biri qizil kartochka bilan jazolanishiga klub futbolchilari va murabbiylarining noroziligi sabab bo‘lgan.