Taobao — Xitoyning Alibaba elektron kommersiya titani boshqaruvchi onlayn-bozor — anchadan beri deyarli yarim milliard xaridor arzon oziq-ovqat, kiyim-kechak va turli gadjyetlarni sotib oluvchi savdo maydoni. Biroq bu yerda mutlaqo boshqa darajadagi takliflar ham mavjud.
So‘nggi yillarda Xitoy sudlari, davlat banklari va aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalari ham Taobao'ga murojaat qilishmoqda. Ularning maqsadi — Paimai ochiq kimoshdi savdosi orqali muammoli kreditlar bo‘yicha garov ta'minoti bo‘lib xizmat qiluvchi buyumlarga xaridor topish. Masalan, hashamatli avtomobillar va villalar, shuningdek yuzlab million yuanlik qaytarilmas qarzlarga, zero mamlakat tez o‘sib borayotgan qarzlar bilan kurashishning ko‘proq bozorga yo‘naltirilgan usullari bilan tajriba qilmoqda.
Xitoyning qarzlar bilan shug‘ullanuvchi eng yirik kompaniyalaridan biri — Honkongdagi China Cinda Asset Management. Bugungi kunda u Tszyanrsudagi ikki 530 million yuanlik (81 million dollar) po‘lat zavodlarini kimoshdi savdosiga qo‘ydi. Xitoyning Hua Xia banki Shanxay filiali Gaundun provinsiyasidagi 645 ming yuanlik (98 ming dollar) kvartirasini sotmoqda. Har oyning yigirmanchi sanasi — Taobao'ning mahalliy organlar uchun band qilingan maxsus kuni. Bu kuni musodara qilingan avtomobillar, zargarlik buyumlari va hashamatli soatlar kimoshdi savdosi o‘tkaziladi.
Boeing'lar savdosi
Sabrsiz xaridorlar saytdan har qanday buyumlarni sotib olish uchun navbatga turishadi. O‘tgan yili Xitoyning S.F. Express tashuvchi xizmati Taobao'da Shenchjendagi aktivlarni boshqarish kompaniyasi tomonidan tashkil qilingan kimoshdi savdosida 42 million dollarga ikki Boeing 747 samolyotini xarid qildi.
Kimoshdi savdolari faqat korporativ va idoraviy xaridorlar bilangina cheklanib qolmaydi. Paimai kanalining umumiy axborot sahifasida yozilishicha, har qanday inson Taobao'da milliy identifikator bilan ro‘yxatdan o‘tgach, savdolarni yo‘lga qo‘yishi, shu bilan birga, sotuvchilarning talablariga muvofiq depozit kiritishi mumkin. Agar savdo muvaffaqiyatli amalga oshmasa, depozitlar uch kun ichida qaytariladi.
"Xitoydagi elektron savdoga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tabiiyki, Alibaba savdo maydonlari eng mashhurlaridan biri hisoblanadi: ularda to‘lovlar va har qanday tranzaksiyalarni qayta ishlash texnologiyalari nuqtai nazaridan infratuzilma mavjud", - deydi Shanxaydagi KapronAsia konsalting kompaniyasi asoschisi Zennon Kapron.
Oshib borayotgan qarzlar
Va bu hammasi emas... Taobao ma'lumotlariga ko‘ra, 3 mingdan ziyod Xitoy sudi va bir necha o‘nlab mahalliy bank filiallari ularning kimoshdi savdosiga qo‘shilgan. Ushbu onlayn-poyganing sababi - 1,64 trillion yuan (246 milliard dollar) hajmdagi muddati o‘tgan kreditlarda. So‘nggi yillarda bu raqamlar oshib bormoqda, zero iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi munosabati bilan ko‘p kompaniyalar o‘z qarzlarini qoplay olmagan. Bu esa mahalliy banklar va sudlar tomonidan muzlatilgan yoki musodara qilingan aktivlar sonining keskin oshishiga olib keldi. Joriy yilning oxirgi yetti oyida Xitoy sudlarida bankrotlikka doir 4700 ish ko‘rib chiqilgan, bunday ishlar soni 2013 yildan buyon o‘sib kelmoqda. "Xitoy sudlari bankrotlik haqidagi ishni ko‘rib o‘rganuvchi zarur kadrlarga ega emas", - deydi Xitoyning Tsinxua Universiteti moliyaviy fanlar professori. "Banklarga keladigan bo‘lsak, muammoli aktivlar odatda juda past likvidlikka ega. Muassasalar musodara qilingan aktivlarni Internetga joylab, ancha ko‘p xaridor jalb qilishi mumkin".
Xitoy sudlari, xususan, Paimai Taobao kanalini yetarlicha samarali deb hisoblaydi. Ular 2012 yildan Taobao'da 610 mingdan ziyod kimoshdi savdosini o‘tkazishgan va 640 milliard yuan (70 milliard dollar) summalik aktivlarni sotishgan.
"Aktsiyalar va obligatsiyalardan farqli o‘laroq, muammoli aktivlar bilan savdo qilish kerakli tekshiruvlarni talab qiladi, bu bunday usul chakana sarmoyadorlarga to‘g‘ri kelmasligini bildiradi", - deydi Shanxaydagi Xitoy-Yevropa xalqaro biznes maktabi professori Oliver Rui. Uning so‘zlariga ko‘ra, yomon aktivlar katta muammolarni keltirib chiqaradi. Shu bois ular sarmoya kiritish mumkin bo‘lgan, jamiyat uchun standart savdo qilinuvchi mahsulot hisoblanmaydi.
Alibaba vakilining aytishicha, qiziqish bildirgan xaridorlarga "xarid haqida taklif kiritishdan avval aktivlarni shaxsan tekshirib chiqish" tavsiya etiladi. Kompaniya shartnoma shaffofligini kafolatlash uchun "aniq savdo jarayonlari va muayyan depozit talablari"ga ega.
Bu vaqtda boshqalar Xitoyning ko‘p kompaniyalari kengayayotgani va ular ko‘proq aktivlarni qo‘lga kiritishi zarurligini inobatga olib, bunday onlayn-kimoshdi savdolarini uzoq istiqbolli tendensiya sifatida ko‘rishmoqda. "Bu muammolarni hal qilishning ajoyib usuli, - deydi KapronAsia kompaniyasi asoschisi. - Men Paypal orqali Boeing 747 xaridini tasavvur ham qila olmayman, biroq Xitoy sanoatida biznes yuritishning an'anaviy usullaridan chekinishni ko‘zda tutuvchi keng ko‘lamli o‘zgarishlar ro‘y bermoqda".