Markaziy bank: Valyutaning naqd ko‘rinishda sotilishi, albatta, joriy etiladi

Iqtisodiyot 16:00 / 06.12.2017 26337

O‘zbekiston Prezidenti 2017 yilning 2 sentabrida “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Bugungi kunda mazkur hujjat ijrosini ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayapti. Shunga qaramay, valyuta ayirboshlash masalalariga oid tarqatilayotgan ma'lumotlar aholi o‘rtasida ayrim tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. "Xalq so‘zi" muxbiri ularga oydinlik kiritish, qolaversa, valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha hayotga tatbiq qilinayotgan yangiliklar, aholi hamda tadbirkorlik sub'yektlariga taqdim etilayotgan qo‘shimcha qulayliklar haqida suhbatlashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o‘rinbosari Botir Zohidovga murojaat qildi.

— Botir Erkinovich, suhbatimizni valyuta siyosatini tubdan isloh etish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy hujjatning iqtisodiyotimiz rivojidagi ahamiyatidan boshlasak...

— Albatta, Prezidentimiz belgilab bergan bunday katta, ayni paytda o‘ta muhim o‘zgarishga Markaziy bank tomonidan manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda qariyb bir yil davomida tayyorgarlik ko‘rildi. Binobarin, valyuta sohasini erkinlashtirish iqtisodiyotni tubdan isloh etishning uzviy bir bo‘lagidir. Valyuta siyosatiga ma'muriy aralashuv iqtisodiyotimiz rivojiga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omillardan bittasi edi. Shu ma'noda, ushbu sohadagi dastlabki mas'uliyatli qadam — xorijiy valyuta kursini belgilashda bozor tamoyillariga o‘tish bo‘ldi. Xorijiy valyuta kursining haqiqiy bozor qiymati belgilanishi tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy ahvolini yaxshilash, tashqi savdo faoliyatini kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tovar va xizmatlari raqobatdoshligini oshirish, aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchi ortishiga katta sharoit yaratdi. Buning amaliy tasdig‘ini tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalariga kuniga o‘rtacha 35 — 40 ming nafar jismoniy shaxs murojaat etayotgani misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

O‘tgan qisqa muddat davomida respublikamizning barcha hududida keng qamrovli valyuta ayirboshlash shoxobchalari tarmog‘i yaratildi. Hozirgi kunda tezkor hamda zamonaviy bank xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan bunday shoxobchalar soni 900 dan oshdi. O‘tgan 3 oy davomida ularga jismoniy shaxslar tomonidan 727 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘lar sotildi. Shu davrda tijorat banklarining konversion bo‘limlari orqali aholiga chet el valyutasi sotilishi miqdori esa deyarli 5 barobar ortib, qariyb 34 million dollarni tashkil qildi.

Bugungi ko‘rsatkichlar hali ishlarning boshlanishi. Aholiga valyuta ayirboshlash operatsiyalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish ko‘lamini, bank infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

— Shu o‘rinda chet el valyutasi oldi-sotdisi bo‘yicha bank xizmatlari ommabopligini ta'minlash uchun Markaziy va tijorat banklari tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Ushbu Farmonning tarixiy ahamiyati shundaki, unga binoan, jismoniy shaxslarga chet el valyutasini tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali erkin sotish hamda konversion bo‘limlaridan erkin sotib olish, xarid qilingan valyutalarni chet elda hech qanday cheklovlarsiz tasarruf etish huquqi berildi. Mamlakatimiz hududida esa tovar va xizmatlar (ishlar) uchun chet el valyutasida to‘lovlarni amalga oshirish butkul taqiqlandi. Bu, o‘z navbatida, milliy valyutaning yagona to‘lov vositasi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Chet el valyutasini qonuniy ravishda erkin sotib olishning yangi tartibi noqonuniy hamda spekulyativ operatsiyalarga barham bermoqda. Konversion kartalardagi mablag‘lardan foydalanishdagi cheklovlar olib tashlangani bunga keng yo‘l ochib berdi.

Gap shundaki, endilikda xorijda bankomatlar orqali cheklanmagan miqdorda naqd chet el valyutasini yechish imkoniyati yaratildi. Mavjud kunlik va oylik cheklovlarning barchasi bekor qilindi. Yashirishning hojati yo‘q, ilgari konversion kartalardan foydalanishda ayrim mamlakatlar va xizmatlar uchun taqiq qo‘yilgandi. Hozirgi paytda bu cheklovlar ham olib tashlanib, ushbu kartalar orqali dunyoning istalgan mamlakatida savdo do‘koni, mehmonxona, umuman, to‘lov qabul qilish imkoni mavjud bo‘lgan nuqtalarda oldi-sotdi ishlarini amalga oshirish mumkin.

Shuningdek, konversion kartalardagi mablag‘larni o‘zimizning banklar orqali tasdiqlovchi hujjatlar (invoys) asosida davolanish, o‘qish hamda boshqa maqsadlar (transport va mehmonxona xarajatlari) uchun sarflash mumkin. Bu, ayniqsa, farzandlari xorijda tahsil olayotgan ota-onalar, chet elga davolanish maqsadida ketayotgan yurtdoshlarimizga katta yengillikdir.

— Farmonda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ham chet el valyutasini jismoniy shaxslarga o‘rnatilgan tartib asosida sotib olishga ruxsat berildi. Bu kutilgan natijani berayaptimi?

— Albatta. Farmon asosida iste'mol tovarlari importi bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga chet el valyutasini jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda, banklardagi hisobvaraqlari orqali sotib olishga ruxsat berildi. Ya'ni xarid qilingan chet el valyutasi bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi hamda mijozga xalqaro to‘lov kartasi taqdim etiladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar chet el valyutasini cheklanmagan miqdorda xarid qilib, uni o‘z xohishiga ko‘ra, joriy xalqaro operatsiyalar (tovar va xizmatlar importi) to‘lovlari uchun yo‘naltirishlari mumkin. Bunda xorij valyutasini sotib olish savdo tushumi hamda bankka kirim qilingan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida ularga mamlakat hududidan tashqarida xalqaro to‘lov kartalari, shu jumladan, bankomat orqali naqd chet el valyutasini yechib olish imkoni berildi. Ko‘rilayotgan ana shunday puxta chora-tadbirlar tufayli o‘tgan 3 oy davomida xususiy tadbirkorlar bilan 639 ta bitim tuzilgan bo‘lib, ularga salkam 21 million dollar miqdorida mablag‘ sotildi.

Tahlillarimiz tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari soni o‘sish tendensiyasiga egaligini ko‘rsatmoqdaki, bu yangilanishlar biz kutgan natijalarni berayotganidan dalolatdir. Xususan, birgina noyabr oyining o‘zida mazkur xizmatdan foydalanuvchi tadbirkorlar soni salkam 2,5 barobar ortishi kuzatilib, operatsiyalar miqdori qariyb 13 million dollarga yetdi.

— Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan yana bir masala, bu — jismoniy shaxslarga chet el valyutasi naqd shaklda sotilishining yo‘lga qo‘yilishidir. Ayting-chi, ushbu amaliyot respublikamizda qachon joriy etilishi kutilmoqda?

— Avvalo, shuni aytish joizki, bugungi islohotlarning tub zamirida aholi manfaatlari, ularning turmush farovonligini yuksaltirishdek ezgu niyat mujassam. Maqsadimiz — norasmiy bozorda amalga oshirilayotgan operatsiyalar hajmini iqtisodiy choralar ko‘rish orqali bartaraf qilish, ularni ham rasmiy bozorga jalb etish, pirovardida bozorning barcha ishtirokchisiga teng sharoitlar yaratish. Shu bois aholining real ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularning naqd chet el valyutasiga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirish uchun yangi bank instrumentlari joriy qilinmoqda. Xususan, konversion kartalar orqali mehmonxona, aviachiptalar, onlayn-do‘konlardagi xaridlar va boshqa mahsulot hamda xizmatlar uchun internet-to‘lovlarni amalga oshirish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi, shu jumladan, bank kartalaridagi “so‘m” mablag‘larini avtomatik tarzda konvertatsiyalash va konvertatsiya qilingan chet el valyutasini xorijiy davlatga pul o‘tkazmasi orqali yuborish amaliyotiga o‘tildi.

Qisqacha aytganda, valyutaning naqdsiz sotilishi islohotlar avvalida chayqovchilik bosimini, xorijiy valyutada amalga oshirilayotgan amaliyotlarning oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik choradir. Oradan bir oz fursat o‘tgach, valyuta bozorining barcha ishtirokchisi yangi sharoitga ko‘nikib, muvozanat hosil bo‘lgach, valyutaning naqd ko‘rinishda sotilishi, albatta, joriy etiladi.

— Hozirgi kunda xorijiy valyuta oldi-sotdi operatsiyalari bo‘yicha o‘rnatilgan bank xizmatlari narxlari mijozlarga nechog‘li maqbul tushmoqda?

— Valyuta siyosatidagi yangi shart-sharoitlar, banklar o‘rtasida o‘sib borayotgan raqobat muhiti, so‘zsiz, banklar xizmatlari narxiga ham ta'sir ko‘rsatadi. Tijorat banklari ko‘proq mijoz jalb qilish uchun yangidan-yangi xizmatlarni taklif etmoqda. Ushbu sog‘lom raqobat, aytish mumkinki, Prezidentimiz tomonidan bank xizmatlari ko‘lami hamda sifatini tubdan yaxshilash borasida belgilab berilgan vazifalar ijrosining bir ko‘rinishidir.

Natijada so‘nggi paytlarda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olish hamda sotish bilan bog‘liq bank komissiyalarining ham pasayish tendensiyalari kuzatilmoqda. Misol tariqasida aytsam, bu singari operatsiyalarni o‘tkazishda bank komissiyalari konversion karta orqali to‘lov uchun — 0,5-1,0 foiz, yuridik shaxslar mablag‘larining konvertatsiyasi uchun — 0,2-0,5 foiz bo‘lsa, jismoniy shaxslardan chet el valyutasini sotib olishda komissiya undirilmaydi. E'tibor bergan bo‘lsangiz, mazkur narxlar valyuta islohotlari avvalida birmuncha yuqori edi.

Ta'kidlash joizki, valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha ko‘rilgan dastlabki chora-tadbirlar, bu — boshlanishi, xolos. Oldimizda qilinajak ishlar bir talay. Mazkur jarayonda e'tiborimizdan chetda qolayotgan jihatlarni o‘rganish maqsadida tadbirkorlar va aholi bilan suhbatlar uyushtirilayapti, kelayotgan murojaatlar muntazam o‘rganilmoqda. Bularning barchasi kelgusidagi ish rejalarini belgilab olish, muhim qarorlar qabul qilishda asos bo‘layapti. O‘ylaymanki, olib borilayotgan tizimli ishlar samarasi yaqin orada yanada yaqqolroq seziladi.

Suhbatimiz yakunida yana bir narsaga to‘xtalib o‘tishni lozim, deb hisoblayman. Modomiki, respublika hududida qonuniy faoliyat yuritish uchun barcha zaruriy shart-sharoit yaratilgan ekan, yuridik hamda jismoniy shaxslarga chet el valyutasini sotish va sotib olishi uchun istisnosiz tijorat banklariga murojaat etishni tavsiya qilamiz. Bu belgilab olingan vazifalarning to‘la-to‘kis ado etilishiga xizmat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: