Dunyodagi eng ommabop kriptovalyuta bitkoin (bitcoin) kursi chorshanba kuni kechqurun 11 ming dollarlik yangi tarixiy maksimumga yetganidan so‘ng ikki ming dollarga tushib ketdi. Bundan savdolar haqidagi ma'lumotlar darak bermoqda.
Toshkent vaqti bilan soat 11.26 holatiga ko‘ra bitkoin yana o‘sa boshlagan. Bitfinex birjasida u 2,32 foizga o‘sdi hamda 10 ming dollar atrofida sotilgan. OKCoin birjasida bitkoin kursi 3,48 foizga ko‘tarildi – 10,4 ming dollargacha, Poloniex’da – 2,15 foizga, 9,9 ming dollar.
Bitkoin kursi 29 noyabr kuni 11 441 dollarlik rekord darajaga yetganidan so‘ng Bitfinex birjasida keskin pastga tusha boshladi hamda yopilish arafasida 1,7 mingga tushib ketib, 9 749 dollargacha pasaydi. Coindesk birjasida u 11 377 dollardan 9,29 ming dollarga qadar quladi hamda qiymati ikki ming dollardan ortiqqa yo‘qoldi.
Coindesk birjasining har kunlik yangiliklar portali eksperti Pit Rizzo (Pete Rizzo)ning so‘zlariga ko‘ra, kotirovkalarning pastga sho‘ng‘ishi Amerikaning kriptovalyutalar savdosi bo‘yicha qator maydonchalarining texnik muammolar tufayli ishdan chiqishi bilan ham bog‘liq bo‘lgan.
Ish jarayonidagi buzilish AQShdagi eng yirik kriptobirja Coinbase’ga ham ta'sir ko‘rsatdi, uning ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilari soni 12 milliondan ko‘proq kishini tashkil etadi. Shuningdek, uning professional treyding platformasi GDAX’ga ham bu ta'sir qildi. Gemini va Bitstamp maydonchalari ishlashdan to‘xtadi.
Coinmarketcap.com savdo maydonchasi ma'lumotiga ko‘ra, payshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 11.26da kriptovalyutalar bozorining qiymati 317,65 milliard dollarni tashkil qilgan.
Bozordagi qiymat bo‘yicha birinchi o‘rinni an'anaviy ravishda bitkoin (BTC) egallaydi: u 171,8 milliard dollarga baholanmoqda. Ikkinchi o‘rinda Ethereum – 42,3 milliard dollar. Uchinchi pog‘onada - Bitcoin Cash (23,1 milliard dollar). To‘rtinchi esa Ripple kriptovalyutasi – uning bozordagi qiymati 9,5 milliard dollarni tashkil etadi.