AQShning Tesla Motors kompaniyasi o‘tgan haftada ommaga taqdim qilgan Tesla Semi Truck elektr yuk mashinasining dastlabki narxlarini ma'lum qildi. Bu haqda Electrek.co nashri xabar bermoqda.
Tesla Motors saytida berilgan ma'lumotga ko‘ra, elektrofura ikkita standart modifikatsiyada – 482 km va 805 km yurish zaxirasiga ega variantda sotiladi. Yuk mashinasining birinchi modifikatsiyasi narxi 150 ming dollar, ikkinchisiniki esa 180 ming dollar turadi. Shuningdek, xaridorlarda 200 ming dollarga yuk mashinasining maxsus Founders Edition modifikatsiyasiga buyurtma berish imkoni bo‘ladi.
Ta'kidlanishicha, Founders Edition modifikatsiyasida mashinaning ichki ko‘rinishida biroz farq bo‘lishi mumkin.
Tesla rahbari Ilon Mask 17 noyabrda yuk mashinasining Kaliforniyada o‘tgan taqdimotida kompaniya tarixidagi bu ilk elektr yuk mashinasi “o‘q” kabi loyihalashtirilganini –mashina 96 km/soat tezlikka yuklanmaganda 5 soniyada, to‘liq yuklanganda esa (36 tonna) 20 soniyada erisha olishini ma'lum qilgandi. Shuningdek, mashina bir quvvatlanishda to‘liq yuklangan holda 804 km yo‘l o‘ta olishi ma'lum qilingan.
Mask yuk mashinasining ko‘rsatkichlari haydovchiga belgilangan joygacha va yana ortiga quvvatlanish uchun to‘xtashlarsiz yurishga imkon berishini ta'kidlab o‘tgan. Kompaniyada aytilishcha, aksariyat yuk mashinalarining yo‘li o‘rtacha 338 km ni tashkil qiladi.
Shuningdek, yuk mashinasining quvvatlanishi uchun yarim soat talab etilishi va olingan quvvat unga yana 643,6 km yo‘l bosishga imkon berishi ma'lum qilingan. Yuk mashinasi to‘liq o‘ziyurar hisoblanmaydi: unda odam aralashuvisiz o‘z polosasida yurishga yoki to‘siqlar paydo bo‘lganda polosani o‘zgartirishga hamda bir yo‘ldan ikkinchi yo‘lga o‘tish imkonini beruvchi yarimavtonom boshqaruv tizimi o‘rnatilgan.
Ma'lum qilinishicha, Tesla Semi Truck 2019 yildan seriyali ishlab chiqarila boshlanadi.