Italiyaning Dallara Automobili kompaniyasi antiqa transformer-kuzovga ega bo‘lgan Dallara Stradale sportkarini taqdim qildi.
Dallara avtosportda turli poyga seriyalari va chempionatlari uchun poyga mashinalari ishlab chiqarishi bilan ma'lum. Biroq o‘tgan yil kompaniya o‘z tarixidagi ilk ommabop sportkarni yaratishga qaror qilgani ma'lum bo‘lgandi. Hozirga kelib avtomobil oxir-oqibat oshkor qilindi va jurnalistlarda katta hayrat uyg‘otdi. Buning sababi oddiy: Dallara Stradale 4 xil ko‘rinishga keltirish mumkin bo‘lgan avtomobildir.
Sportkarning bazaviy modifikatsiyasi 155 ming yevro turadi va spidster kuzoviga ega. Qizig‘i, unda peshoyna va eshiklar yo‘q. Bunday oddiylikni xush ko‘rmaydiganlar 16600 yevro evaziga mashinaga peshoyna o‘rnatishlari mumkin. Buning hisobiga mashina rodsterga aylanadi.
Yana 7700 yevro evaziga T-shaklli ramka hisobiga mashina targaga (orqasida ramkasi bo‘lgan rodster) aylanadi. Va nihoyat 7300 yevro qo‘shimcha to‘lab, “chayka qanoti” kabi ochiladigan eshikka ega kupe hosil qilinadi. Biroq aytish joizki, bu to‘laqonli eshiklar emas. Ular kuzovning eshik joylashadigan qismidagi bortning yuqorisiga o‘rnatiladi va baribir mashinaga bortni xatlab o‘tib o‘tirishga to‘g‘ri keladi.
Dallara Stradale ugleplastikdan ishlangan kuzov va kichik o‘lchamlari hisobiga 855 kg keladi. Mashinaning motori ham odmigina: 400 ot kuchigacha kuchaytirilgan 2,3 litrli Ford EcoBoost dvigateli. Mashinada 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi o‘rnatiladi va shuningdek, qo‘shimcha ravishda avtomat uzatmalar qutisini buyurtirish mumkin. Mashina odmigina dvigateliga qaramay, ancha yaxshi ko‘rsatkichlarga ega: u 100 km/soat tezlikka 3,2 soniyada erisha oladi, maksimal tezligi esa 300 km/soatni tashkil qiladi. Ko‘rinishicha, sportkarga talab uncha ham katta bo‘lmaydi, chunki ancha oddiy konstruksiyaga ega bo‘lgani bilan narxi ancha “chaqadi”. Italiyaliklar mashinadan 600 dona ishlab chiqarish qaroriga shuni fahmlagan holda kelgan bo‘lsalar kerak.