Ichki ishlar idoralari tarkibiga adashib kirib qolgan xodimlardan tozalanadi

O‘zbekiston 02:27 / 16.11.2017 75716

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, huquqbuzarliklar profilaktikasida xizmat intizomi va qonunchilikni kuchaytirish, ichki ishlar idoralari tarkibiga adashib kirib qolgan, mas'uliyatni to‘la anglamasdan, fuqarolarning haqli e'tirozlariga sababchi bo‘layotgan xodimlardan tozalash masalasi doimo dolzarb vazifadir.

Shu nuqtai nazardan, ichki ishlar organlarining kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir tumanda tuzilgan sektorlar faoliyati tahlil qilindi. Bundan buyon har bir sektor rahbari jinoyatchilikning holati uchun ham shaxsan javob berishi qayd etildi. Sektor rahbarlarining bu boradagi mas'uliyatini oshirish maqsadida Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasini tuzish bo‘yicha topshiriq berildi. Uning tarkibiga «Mahalla», «Nuroniy» jamg‘armalari, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbarlarini ham kiritish, Komissiya faoliyatini Oliy Majlis Senati tomonidan muvofiqlashtirish belgilandi.

Majlisda rahbarlar ma'naviyati masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Haqiqiy rahbar, haqiqiy yetakchi odamlarning bardoshini sinash uchun emas, balki ularga munosib shart-sharoit yaratib berish, og‘irini yengil qilish uchun rahbar etib tayinlanadi. Barcha bo‘g‘indagi rahbarlar — u vazir yoki hokim bo‘ladimi, idora yoki tashkilot boshlig‘i bo‘ladimi, o‘zining odob-axloqi va madaniyati bilan hammaga o‘rnak va namuna bo‘lishi zarurligi alohida ta'kidlandi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar yurtimizda aholining tinch-osoyishta hayot kechirishini ta'minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, boshqa hayotiy muhim masalalarni hal etish bo‘yicha keng ko‘lamli harakatlar boshlangani, yangi tizim yaratilgani ijobiy natijalar berayotganini qayd etdilar.

Ko‘proq yangiliklar: