Joriy yilning 1 dekabridan boshlab, O‘zbekiston bo‘ylab xorijga pul o‘tkazmalari milliy so‘m valyutasida qabul qilinib, amaliyot o‘tkazilayotgan kunda Markaziy bank belgilagan qiymat bo‘ycha konvertatsiya qilingan holda yuborilishi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda Markaziy Bank raisi birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetovga asoslanib Kun.uz muxbiri xabar beradi.
O‘zbekistondan tashqarida istiqomat qilayotgan talaba, bemor yoki ish safarida bo‘lgan yaqinlari uchun bank mijozlari endilikda pul o‘tkazmasini milliy valyutada topshirishi mumkin. Jarayon juda sodda tartibda amalga oshirilib, pul o‘tkazmasi amalga oshiriladigan kunda Markaziy bank tomonidan belgilan kurs bo‘yicha mablag‘lar xorijiy valyutaga konvertatsiya qilinadi.
«Biz ushbu amaliyotni kelasi oyda to‘liq ishga tushirishga tayyormiz. Aholi bu imkoniyatdan foydalanishi bilan ortiqcha vaqt va resurs sarflab o‘tirmay, chet eldagi tanishi yoki qarindoshiga pul o‘tkazmasini xorijiy valyutada yetkazib berishi mumkin», deydi raisning birinchi o‘rinbosari.
Ayni vaqtda bank mijozlari xorijiy valyutani naqdsiz ko‘rinishda xarid qilishi, har qanday ko‘rinishda sotishi mumkin. Bundan avvalroq Markaziy bank vakillari nega islohotlar boshida aynan xorijiy valyutaning naqdsiz sotuvi yo‘lga qo‘yilganini izohlagani haqida xabar berilgandi.