Apple smartfon kamerasini kinokameraga aylantiradigan startapni xarid qildi

Fan-texnika 10:59 / 11.11.2017 4716

Yaqin orada iPhone X smartfonining ajoyib kamerasi yanada yaxshiroq bo‘ladigan ko‘rinadi. Gap shundaki, Tim Kuk kompaniyasi InVisage Technologies startapini xarid qildi. Uning kvantli nuqtalar texnologiyasi smartfon kamerasi bilan Hollivud sifatidagi videolavhalarni tasvirga olish imkonini beradi, deb yozmoqda Business Insider.

Tasvirning oddiy CMOS-datchiklari kremniy kristali asosida ishlaydi. Hozirda smartfonlar kameralarida qo‘llanilayotgan texnologiya to‘sqinlikni kamaytirish uchun har bir pikselni qurshab oladi. Ammo bu kristallning yorug‘lik sezgirligini pasaytiradi. Shu bilan tasvir yetarli yorug‘lik bo‘lmaganda yorqin chiqmaydi. 2006 yili Kaliforniyada tashkil etilgan InVisage startapi maxsus QuantumFilm qatlamiga ega bo‘lgan innovatsiyaviy tasvirni uzatish datchigining arxitekturasini ishlab chiqdi. U yorug‘likni imkon qadar yuqori darajada qabul qiladi.
 
Nanozarralar startap ishlab chiqqan o‘ziga xos materialga sepiladi. U kvant nuqtalaridan iborat to‘rni hosil qiladi. Ayni shu narsa videokamera matritsasining asosi bo‘lib xizmat qiladi. Eng asosiysi, yangi texnologiya smartfonlar kameralariga mos kelishidir.
InVisage QuantumFilm texnologiyasi asosida suratga olingan videolavhani namoyish etdi. Qisqametrajli film smartfonga Hollivud sifatidagi kinoni suratga olish mumkinligini isbotlaydi. 

Hozirda startapda 53 kishi ishlamoqda. Crunchbase ma'lumotlariga ko‘ra, u 98 mln dollarlik sarmoyalarni jalb etgan. Xususan, Intel Capital, Nokia Growth Partners va GGV Capital kabi venchur jamg‘armalar unga pul tikkan. O‘z navbatida Apple kompaniyasi o‘z rejalarini oshkor qilganicha yo‘q. Shuningdek, InVisage qancha qiymatga xarid qilingani ham ma'lum emas. 

Umuman olganda ekspertlarning ishonch bildirishicha, tishlangan olma kompaniyasi kvantli nuqtalar texnologiyasidan foydalanib, videokamerasi sifatini yanada yuqori pog‘onaga ko‘taradi. Aslida iPhone X kamerasi hozirgi holatda ham ancha yaxshi natijani ko‘rsatmoqda. Hozirda Apple Sony kompaniyasining tasvirlar datchigidan foydalanadi. Ammo InVisage innovatsiyasi yordamida korporatsiya o‘z datchigini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishi ham istisno emas. 

Ko‘proq yangiliklar: