QHTBT portalida Vazirlar Mahkamasining “Telekommunikatsiya xizmatlari sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
Loyiha bilan yangilangan:
• aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida buzilishlar turlarini;
• ular uchun moliyaviy sanksiyalar (jarimalar) miqdorlarini joriy qilish nazarda tutilmoqda.
Ma'lumot uchun: hozirgi vaqtda Vazirlar Mahkamasining 14.08.2000 yildagi 318-son qarori bilan tasdiqlangan miqdorlar amal qilmoqda.
Buzilishlar va sanksiyalarning yangi turlari
Mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatish va ma'lumotlar uzatish tartibini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalarni joriy etish taklif qilinayotir. Ularga:
• 2G, 3G, 4G tarmoqlari uchun ma'lumotlar uzatishning o‘rtacha tezligiga rioya qilmaslik;
• nutqni uzatish sifati, bog‘lanishni o‘rnatish vaqti bo‘yicha normativlarga muvofiq kelmaslik;
• abonentning tashabbusisiz o‘rnatilgan bog‘lanishni uzish;
• chaqiruvlarning umumiy sonida muvaffaqiyatsiz bog‘lanishlar normativining ortiqligi;
• ma'lumotlar uzatish tarmog‘iga kirishni tiklashning normativ vaqtining ortiqligi va boshqalar kiradi.
Shuningdek, operatorlar va provayderlar tomonidan axborot-ma'lumot xizmatlari ko‘rsatish qoidalari buzilganligi uchun jarimalar joriy qilinmoqda:
• telefon bo‘yicha texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatidan foydalanish imkoniyatining yo‘qligi;
• operatorning javob berish vaqtining buzilishi.
Jarimalar EKIHga nisbatan karrali miqdorda o‘rnatiladi. Telegraf, shaharlararo va xalqaro aloqalar bilan bog‘liq buzilishlar uchun jarimalarni chiqarib tashlash taklif qilindi.
Kim jarima soladi?
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi buzilishlarni aniqlaydi va tegishli xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga jarima hisoblaydi. Buning uchun Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining ruxsatnomasi talab etilmaydi.
Moliyaviy sanksiyalar ko‘rinishida undiriladigan mablag‘lar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasiga (VMning 19.12.2012 yildagi 356-son qarori bilan tashkil etilgan) beriladi.
Moliyaviy sanksiyalarni (jarimalarni)hisoblab yozish va qo‘llash bo‘yicha nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash rejalashtirilmoqda.
Loyiha o‘zgartirilishi, qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.