AQSh oliy sudi 6 noyabrda Samsung korporatsiyasining Apple kompaniyasi bilan patent bahsi bo‘yicha avvalgi sud instansiyasi tomondan qabul qilingan qaror yuzasidan topshirgan shikoyat arizasini qanoatlantirishni rad etdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.
2016 yilda AQSh federal sudi Samsung patent huquqini buzgani uchun Apple’ga 120 mln dollar to‘lab berishi kerakligi haqida hukm chiqargandi. Patent huquqi buzilishi ekranni blokdan chiqarish texnologiyasi va avtoalmashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan.
Avvalroq sud Samsung’ni ushbu ishda aybdor deb topib, Apple’ning bir nechta patenti buzilishi bilan yaratilgan 11 ta smartfon modelidan tushgan umumiy daromadga teng miqdordagi jarimani to‘lashga majbur qilib qo‘ygandi. O‘shanda kompensatsiya summasi 1 mlrd dollardan sal ko‘proqni tashkil qilgan, biroq Samsung ko‘plab sud jarayonlari orqali bu summani kamaytirishga muvaffaq bo‘lgan.
2011 aprelidan kompaniyalar sudga bir-biriga qarshi o‘ndan ko‘proq da'vo arizasi topshirgan. Samsung’ning telefonlari savdosini to‘xtamoqchi bo‘layotgan Apple hozircha maqsadiga yeta olmayapti.