Elektromobilni 5 daqiqa ichida quvvatlovchi texnologiya taqdim qilindi 

Fan-texnika 11:50 / 06.11.2017 9234

Litiy-ionli batareyalar ishlab chiqaruvchi Enevate kompaniyasi elektromobillar akkumulyatorlarini bor-yo‘g‘i 5 daqiqada quvvatlay oluvchi HD-Energy texnologiyasini yaratganini ma'lum qildi. Bu haqda VentureBeat xabar bermoqda.  

Ushbu texnologiya batareyani 5 daqiqa ichida shunday quvvatlaydiki, mashina yana 390 km yo‘l yura oladi. 60 soniyali rejim ham bor, bunda olingan quvvat mashinaning 80 km yurishiga yetadi. Elektromobildan foydalanuvchilarning aksariyati uchun kuniga 80 km yo‘l bosib o‘tish yetarlilik qiladi, shu sababli agar yangi texnologiya kompaniya ta'kidlayotgandek tezkor bo‘lsa, unda u elektromobillar bilan bog‘liq eng katta xavotirlardan biri bo‘lgan uzoq quvvatlashdan xalos etadi.   

Kompaniyada aytilishicha, bu texnologiya bugungi kundagi eng yaxshi tez quvvatlash texnologiyasidir. U bozor talablariga javob beradi va hozirda sertifikatlashtirishning so‘nggi bosqichlaridan o‘tkazilmoqda. Shundan keyin ushbu batareyalar avtomobilsozlik kompaniyalari zavodlariga jo‘natiladi. Ba'zi kompaniyalar kichik o‘lchamdagi batareyalarni o‘rnatishlari mumkin, shu sababli ularni tez-tez quvvatlashga to‘g‘ri keladi. O‘z navbatida bu elektrokarlarning ba'zi modellari narxining kamayishiga olib keladi.

Enevate HD-Energy texnologiyasi batareyani xavfsiz quvvatlash va 40 gradus sovuqda ham undan foydalanish imkonini beradi. 

Xyustonda joylashgan Uilyam Marsh Rays universiteti olimlari ham elektromobil akkumulyatorini quvvatlash vaqtini 5 daqiqagacha kamaytiruvchi texnologiyani yaratishganini ma'lum qilishdi. Bu batareyalarning asosiy qismi asfalt hisoblanadi.

 

Ko‘proq yangiliklar: