Ko‘plab avto ishlab chiqaruchilar so‘nggi yillarda nafaqat elektromobillar ishlab chiqarish sohasini o‘zlashtirishmoqda, shuningdek, yoqilg‘i sifatida vodoroddan foydalanadigan avtomobillar ustida ish olib borishmoqda. Yaqinda Yaponiyaning Toyota avtokonserni Tokio avtosaloni doirasida «vodorodli» krossoverning juda qiziq kontseptini taqdim etdi, deb yozadi Hi-news.
Kontsept Fine-Comfort Ride deb nom oldi va vodorodli kuch qurilmasidan tashqari yana bir qiziq detalga ega: u havo to‘ldirilmagan shinalarga ega.
Bloomberg nashrining yozishicha, bu ishlanma avtomobil vazini yengillashtiradi va uning unumdorligini ko‘paytiradi. Bundan tashqari, havosiz shinalar har bir g‘ildirakda o‘zining mo‘'jaz dvigateliga ega. Har bir shina rezina, alyuminiy va plastikdan iborat. Bu tarkibiy qismlarning barchasi dvigatellari bilan birgalikda an'anaviy konstruksiyalarga nisbatan yengilroq.
Boz ustiga, yaponlar avtomobillarning umumiy massasini 30 foizga yengillashtiruvchi texnologiyani 2025 yilga borib joriy etishni mo‘ljallashmoqda. Bu ayniqsa elektrokarlar va boshqa muqobil yoqilg‘i manbalaridan foydalanadigan avtomobillar uchun muhim, chunki vaznning yengillashtirilishi ularga kamroq energiya va yoqilg‘i sarflash imkonini beradi.
Yana shuni qayd etmoq joizki, havosiz shinalar avtogigantning buyurtmasiga ko‘ra ishlab chiqarilgan. Uni Sumitomo Rubber kompaniyasi yaratgan. Shina ishlab chiqaruvchining rejalari Toyota’nikidan ham ulkanroq. Sumitomo Rubber’ning havosiz shinalar loyihasi rahbari Vako Ivamura shunday degan:
«Bizning maqsadimiz — 2020 yilgacha tijoriy jihatdan muvaffaqiyatli mahsulot yaratish. Lekin biz avvalo ko‘plab qiyinchiliklarni yengib o‘tishimiz kerak. Masalan, ayni damda harakat chog‘ida shinalarimizda ishqalanish ana'anaviy shinalarga nisbatan 10–20 foizga ko‘proq. Bunday xarakteristika yaramaydi, shu sababli yaqin orada yechim topishimiz kerak bo‘ladi».