Xitoyning Aerokoinot ilmi va texnikasi korporatsiyasi (CASC) amerikalik tadbirkor Ilon Maskning muvaffaqiyatlarini qaytarib, ko‘p marotaba qo‘llanuvchi raketalar parvozlarini yo‘lga qo‘ymoqchi. Biroq xitoyliklar yaratadigan raketa konstruksiyasi Maskning kompaniyasi SpaceX’ning Falcon 9 raketasidan o‘zgacha bo‘ladi.
Xitoyliklarning ushbu raketalari ilk parvozi 3 yildan keyinoq amalga oshiriladi. Bu haqda CASC vakili Chen Xongbo ma'lum qildi.
China Daily nashrining yozishicha, koinot qurilmasi orbitaga katta og‘irlikdagi yuklarni yetkazib, so‘ngra Yerga qayta oladi va takroriy parvozlar uchun qo‘llanadi. CASC ushbu raketani yaratish ustidagi ishlar uchun bir nechta ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislarini jalb qildi.
Xongboning ta'kidlashicha, bo‘lg‘usi raketani 20 martagacha qo‘llash va har kuni uchirish mumkin bo‘ladi. Bunda birinchi bosqichlarda parvoz qiymati bugungi kundagi qiymatlarning beshdan birini, istiqbolda esa o‘ndan birini tashkil qiladi.
CASC raketasi 300-500 km balandlikka ko‘tarila oladi, Yerga qo‘nishda esa qanotlardan foydalanadi. O‘xshash maqsadlarga qaramay, Xitoy qurilmasi Falcon 9’dan farq qiladi. Falcon’da birinchi va ikkinchi pog‘onalar oldinma-ketin o‘rnatilgan. Xitoylik muhandislar esa bu pog‘onalarni parallel o‘rnatishmoqchi va buning evaziga ikkala pog‘onani ham takroran ishlatish mumkin bo‘ladi.
Bu orada SpaceX shaxsiy rekordlar o‘rnatishda davom etmoqda. Kompaniya joriy yilning 10 oyi ichida 16 ta, ya'ni o‘tgan yilga nisbatan 2 marta ko‘proq parvozni amalga oshirdi. SpaceX, shuningdek, Rossiyani ortda qoldirib, sun'iy yo‘ldoshlar uchirish bo‘yicha xalqaro bozorning katta qismini egallay oldi.