Yevropa shamol energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha rekordni yangiladi

Fan-texnika 01:31 / 02.11.2017 6569

O‘tgan dam olish kunlarida Yevropa davlatlari jami elektr energiyasining chorak qismini shamol uskunalari orqali olgan. Bu yo‘sinda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 197 million uy xo‘jaligini ta'minlash uchun yetarli bo‘lardi. Yangi rekord o‘rnatilishiga asosiy sabab Yevropa bo‘ylab yuz bergan kuchli dovullardir, deb yozadi hightech.fm.

O‘tgan shanba kuni Yevropada iste'mol qilingan jamiki elektr energiyasining 24,6 foizi YeIning 28 ta davlatida o‘rnatilgan shamol qurilmalari orqali olingan, deb xabar beradi Electrek konsalting firmasi bo‘lmish Ecofys’ning e'lon qilingan ma'lumotlariga asoslanib. Dengiz shamol generatorlarining yetarli darajada mashhurligiga qaramasdan, ular bor-yo‘g‘i 11,3 foiz energiya ishlab chiqargan. Elektr energiyasining katta qismi — 88,7 foizi yer usti shamol elekr stansiyalarida ishlab chiqarilgan. 2016 yil yakunlariga ko‘ra Yevropada umumiy quvvati 141,1 GVt bo‘lgan shamol generatorlari, va 12,6 GVt.li dengiz turbinalari o‘rnatilgan.

Foto: Twitter.com/Sustainable2050

Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Yevropadagi 197 mln. uy xo‘jaliklarini ta'minlashga yoki sanoat korxonalariga zarur bo‘lgan energiyani 68 foizga qondirishga yetarli.

Rekord ko‘rsatkichga erishilishiga sabab — dam olish kunlarida elektr energiyasiga bo‘lgan talabning susayishidir — ko‘plab sanoat korxonalari ishni to‘xtatdi va iste'mol qilinayotgan energiya miqdori kamayadi. Ba'zi bir ekspertlarning fikricha, shamol energiyasi ulushining ortishiga sabab dam olish kunlari Yevropaga yopirilgan va 6 kishining hayotiga zomin bo‘lgan dovul hamdir.

Gemaniyada o‘tgan dam olish kunlarida elektr energiyasining tannarxi noldan ham pastga tushgan. Bunga sabab shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarish hajmining ortishi bo‘ldi. Ma'lum bir davrda bir megavatt elektr quvvatining qiymati minus 100 yevroga teng bo‘lgan.

O‘tgan shanba kuni barcha shaamol generatorlari Germaniyaning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini 61 foizga qondirgan. Daniya ShESlardan 109 foiz energiya olgan, Portugaliya — 44 foiz, Irlandiya — 34 foiz. 28 ta davlatdan 10 tasi kerakli elektr energiyaning kamida 20 foizini shamol generatorlaridan olgan.

Yevropa shamol energetikasi assotsiatsiyasining prognozlariga ko‘ra, ShESlar 2030 yilga borib butun Yevropaning talabini 30 foizga qondira boshlaydi. WindEurope sanoat guruhi hisobotiga ko‘ra 2016 yilda mintaqada kuniga o‘rtacha bitta yangi turbina barpo etilgan. Yil davomida elektr tarmog‘iga 338 ta yangi shamol turbinalari ulangan.

Agar rivojlanish sur'atlari saqlanib tursa, 2020 yilga borib Yevropadagi shamol generatorlarining quvvati 204 GVt.ga yetadi. Shamol energiyasi o‘z-o‘zidan eng talabgir tiklanuvchi energiya manbaiga aylanadi va Yevropa davlatlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini 16,5 foizga qondiradi.

Ko‘proq yangiliklar: