Sony kompaniyasi chorshanba kuni Aibo it-robotining yangi versiyasini namoyish qildi. Kompaniya ham robotning tashqi ko‘rinishiga, ham modelning tabiiy xatti-harakatlarga yaqinligiga asoslanmoqda: o‘yinchoq dumini likillatadi, to‘p ketidan quvadi va cheklangan darajada o‘rganishga moyil. Bu haqida kompaniya saytida xabar berildi.
Ilk Aibo (Artificial Intelligence robot - sun'iy intellektli robot qisqartmasi)lar 1999 yilda paydo bo‘lgan, biroq it-robotlarning ishlab chiqarilishi 2006 yilda to‘xtatilgan, zero bozorda nisbatan arzon va iste'molchilar uchun qiziq muqobillar paydo bo‘lgan.
Sony'ning yangi versiyadagi robotida "ko‘zlar" - turli hissiyotlarni ifodalay oluvchi ikki kichik ekran bo‘ladi. Bundan tashqari, u tabassum qilishni biladi va qanday xatti-harakatlar ijobiy ta'sir qilishini eslab qolib, sohibining ko‘rsatmalariga binoan "shaxsi"ni o‘zgartira oladi.
Kompaniya rahbari Kadzuo Xiraining Tokiodagi taqdimot marosimida ma'lum qilishicha, Aibo yanvar oyidan Yaponiyada sotuvga chiqadi, soliqlarni hisobga olmaganda, uning narxi 198 ming iyen (1740 dollar)ni tashkil qiladi.
Sony hozircha Aibo'ni robotlashtirilgan do‘st sifatida namoyish qilmoqda. Biroz vaqt o‘tgach, shaxsiy ilovaning yaratilishi uning imkoniyatlar ko‘lamini kengaytirishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, o‘yinchoqning Alexa (Amazon) va Google Home (Google) kabi aqlli uylarni boshqaruvchi qurilmalar bilan raqobatga kirishishi amri mahol.
Aibo o‘z egasining buyrug‘iga binoan suratga olishi yoki atrofdagi voqealarni tasvirga olishi mumkin, u shu tariqa o‘z ma'lumotlar bazasini yaratadi, keyinchalik robot egasi ushbu ma'lumotlarni maxsus ilovada ko‘zdan kechirishi mumkin bo‘ladi.
Aibo'ning bozorga chiqishi Sony'ning sun'iy intellekt va robotlashtiruvga bo‘lgan qiziqishining kuchayishidan dalolat beradi, deb hisoblashmoqda ekspertlar.
Bir kun avval Sony joriy moliyaviy yil yakunlari bo‘yicha daromad kompaniya tarixidagi eng ahamiyatli yillardan biri euvnini tasdiqlashi haqida e'lon qilgandi.
Ta'kidlash joizki, chorshanba kuni Sony aksiyalari 11 foizga qimmatlashdi va to‘qqiz yildagi maksimumiga erishdi.