Agar binolarda deraza bo‘lmaganida xonalarning ichi qishda ancha issiq bo‘lardi. Qishda binolar issiqligining yigirma foizini aynan derazalar orqali yo‘qotadi. Yilning sovuq faslida juda sovuq xabar. Lekin siz ushbu xabarni o‘qib sovqotib, ko‘rpa o‘ranishga harakat qilayotganingizda Gyoteborg universitetidagi shved olimlari oddiy deraza oynasini isitish batareyasiga aylantirib, xonadonlarni biroz bo‘lsa-da issiqroq qilish ustida ish olib borishmoqda, deb yozadi Hi-news.ru.
Derazalarni quyosh istitgichlariga aylantirish uchun olimlar plazmonlar asosida shunday qoplama yaratishdiki, u quriganidan so‘ng o‘ziga xos nanoantennaga aylanadi va u quyosh nurini yaxshi yutib, o‘zlari qoplangan sirtni qizdiradi. Albatta, ularni istalgan sirtga yelimlash mumkin, lekin aynan deraza oynasi bunga juda mos keladi. Plazmon oynaning boshqa xossalariga ta'sir o‘tkazmaydi, chunonchi, yorug‘lik o‘tishiga xalaqit bermaydi, biroq bildirmasdan kvartirani isita boshlaydi.
Ixtirochilar o‘zlari tomonidan yaratilgan, oddiy oynalarni quyosh isitish batareyalariga aylantirishning arzon va samarali usuli ayniqsa zamonaviy arxitekturada oynalarga keng o‘rin ajratilayotgan hozirgi sharoitda, albatta, barchaga qo‘l kelishidan umidvor.
Kelajakda olimlar ushbu texnologiyadan boshqa sohalarda ham foydalanishmoqchi. Yetakchi tadqiqotchi Aleksandr Dmitriyevning qayd etishicha, uning jamoasi ishlanmaning samaradorligini yanada oshirmoqchi, jumladan, innovatsion qoplama ultrabinafsha nurlarni ham tutib qolishiga erishishni rejalashtirmoqda. Ularning fikricha, bu deraza oynalarining funksionalligi va ulardan foydalanish doirasini kengaytiradi.