2017 yil oxiriga borib internetga ulana oladigan qurilmalar soni keskin ravishda o‘sishda davom etadi va 20 mlrd donaga yetadi. Bu haqda Strategy Analytics o‘tkazgan tahlilga asoslanib, PR Newswire yozmoqda. Aqlli uy texnologiyalari, o‘z navbatida, 2020 yilgacha taraqqiyotning asosini tashkil etadi.
«Connected World: Smart Home Is Key To Tomorrow’s Internet Of Things» («Ulangan dunyo: aqlli uy buyumlar internetining ertangi kuniga yo‘l») hisobotida qayd etilishicha, 2017 yil oxiriga kelib, dunyoda 20 mlrdga yaqin IoT- va ulangan qurilmalar ishlaydi. Yana 10 mlrd dona qurilma yaqin 4 yilda ularning safini to‘ldiradi.
IoT so‘nggi yillarda shu sohadagi bozorni rivojlantirishning asosi bo‘ldi. Ammo uzoq istiqbolga doir taxminlarga ko‘ra, kelgusida bu vazifa aqlli uylarga o‘tadi. 2020 yillar mobaynida ulangan qurilmalar soni 50 mlrd donaga yetadi.
Boshqa bir tadqiqot natijasiga binoan, joriy yilda IoT o‘sishi 17 foizni tashkil etadi, ammo 2021 yilga borib yillik miqdorda 9 foizgacha pasayadi. O‘sha yili aqlli uy qurilmalari internetga ulangan smartfonlarni bozorda ortda qoldiradi. Shuningdek, korporativ IoT ayni vaqtda jami ulangan qurilmalarning 52 foizini tashkil etishi qayd etilgan.
Qator tahlilchilarning fikricha, IoT qurilmalari va aqlli uy texnologiyalarining keng tarqalishining o‘ziga yarasha tahdidli tomonlari bor. Xususan, kiberxurujlar amalga oshirilsa, ular keng qamrovli halokatga sabab bo‘lishi mumkin. Shu boisdan ularning xavfsizligi xususida bugunoq bosh qotirish kerak bo‘ladi.