Singapurning Canalys tahlil agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Hindistonning uchinchi chorakda smartfonlarni yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 23 foizga oshgan va 40 million birlikni tashkil qilgan. Bu Hindistonga AQShni ortda qoldirish va dunyoning eng yirik smartfonlar bozorida ikkinchi bo‘lish imkonini berdi. Canalys tahlilchilari fikricha, talabning kuchayishiga Hindistonda 4G tarmog‘ining takomillashishi ta'sir qilgan bo‘lishi mumkin.
Hindiston smartfonlar bozorining 75 foizini besh yirik yetkazib beruvchi nazorat qiladi — Samsung, Xiaomi, Vivo, Oppo va Lenovo. Asosiy importchilar — Samsung va Xiaomi, sotilgan smartfonlarning 9,4 million hamda 9,2 millioni, ya'ni barcha smartfonlarning deyarli yarmi shu ikki kompaniya ulushiga to‘g‘ri keladi. Xiaomi smartfonlari eng ko‘p o‘sish darajasini qayd etdi, kompaniya o‘z ko‘rsatkichlarini o‘tgan yilgiga nisbatan 290 foizga oshirdi.
Joriy yilning boshida Apple Hindistonda ham o‘z mahsulotlari ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘ygandi. Bu iPhone smartfonlarini yetkazib berishning 2016 yil uchinchi choragi ko‘rsatkichlariga nisbatan ikki barobar oshishiga olib keldi. Shunday bo‘lsa-da, bu kompaniyaga eng yirik yetkazib beruvchilar beshligiga kirish imkonini bermagan.
Hindiston hukumati mamlakatda 30 dollardan arzon smartfonlar sotilishidan manfaatdor bo‘lishini ma'lum qildi. Hukumatga ko‘ra, bu sotuvlar va onlayn-to‘lovlar ko‘rsatkichlarini oshiradi.
Tahlilchilarning fikricha, joriy yilning oxirida Hindistonda 300 milliondan ziyod kishida smartfon bo‘ladi.
Ta'kidlash joizki, eng yirik smartfonlar bozorida yetakchilik Xitoyga nasib etgan, mamlakat 2011 yildayoq bu borada AQShni ortda qoldirgan.