Subaru yapon kompaniyasining Gumma prefekturasidagi zavodida brend avtomobillari xavfsizligini tekshirish tegishli malakaga ega bo‘lmagan ishchilar tomondan amalga oshirilgani aniqlandi. Avvalroq shunday muammo Nissan zavodlarida aniqlangandi.
Subaru 30 oktabrda Yaponiyaning yer, infratuzilma va transport vazirligiga yuqoridagi holat bo‘yicha o‘tkazilgan ichki tergov natijalari haqida hisobot bermoqchi. Kompaniyada ta'kidlanishicha, avtomobillar xavfsizligini tekshirganr xodimlar tegishli malakaga ega bo‘lganlar, biroq kompaniyada hujjatlar bilan ishlashda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani oqibatida barcha ishchilar malaka haqidagi sertifikatlarni o‘z vaqtida olishmagan.
Taxmin qilinishicha, bu amaliyot kompaniya tomondan oxirgi 30 yil ichida qo‘llangan. Kompaniya javob chorasi tariqasida transport vositalari yakuniy tekshiruvini o‘tkazish qoidalarini Yaponiyada qabul qilingan standartlarga moslashtirish uchun qayta qo‘rib chiqmoqchi.
Bundan tashqari, kompaniyada tegishli tarzda tekshirilmagan barcha mashinalar qaytarilib olinishi mumkinligi imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Taxmin qilinishicha, bu jarayon brendning butun dunyo bo‘ylab 300 ming mashinasini qamrab olishi mumkin. Vujudga kelgan vaziyat sababli kompaniya mijozlar va manfaatdor tomonlar vakillaridan uzr so‘ragan.