Yaponiya yer, infratuzilmalar va transport vazirligi (MLIT) Nissan avtomobilsozlik kompaniyasini mamlakat avtobozorida sotishga mo‘ljallangan transport vositalari sifatini tekshirish talablarini buzganlikda ayblamoqda. Vazirlikka ko‘ra, bunday tekshirishlar malakasiz xodimlar tomonidan 39 yil mobaynida amalga oshirilgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayangan holda Bloomberg agentligi xabar qilmoqda.
Surishtiruv jarayonida Nissan Yaponiyadagi barcha zavodlari faoliyatini to‘xtatgan. Shuningdek, 2014 yil oktabr oyidan boshlab mahalliy bozorda sotilgan 1,2 million dona mashinani qaytarib olishini e'lon qildi. Agentlik suhbatdoshiga ko‘ra, chaqirib olish avtomobillarning xavfsizligini tekshirish bilan bog‘liq bo‘lgan.
MLIT tekshiruvlar chog‘ida Nissan 1979 yildan buyon avtomobillar sifatini tekshirishda xato qilganini aniqlagan. Bu boradagi rasmiy bayonot 2017 yil 8 noyabr kuni berilishi kutilmoqda.