Yaqin 23 yil ichida energetika sohasi bir qator o‘zgarishlarni boshidan kechiradi: tiklanuvchi energetikaga oid texnologiyalar bosqinidan tortib, suvning roli oshishiga qadar, deb yozadi Insider.Pro.
So‘nggi yarim asrdan buyon energiyani olish va uni sarflash usuli u qadar o‘zgarishlarga duchor bo‘lgani yo‘q. Lekin yaqin o‘n yilliklarda ham o‘zgarishsiz, avvalgidek qolmasligi tayin. Energiyaning qayta tiklanuvchi manbalari arzon va ishonchli bo‘lib bormoqda, butun jahon bo‘ylab, olingan quvvatni samarali saqlash va taqsimlash texnologiyalari ishlab chiqilmoqda, bu esa yaqin 20–25 yil ichida energetika sohasida jiddiy o‘zgarishlar yuz berishidan darak bermoqda.
2015 yilda imzolangan iqlim bo‘yicha Parij bitimi (hattoki uni tark etgan Amerika Qo‘shma Shtatlari ishtiroksiz) ham kelajakda energiyani qazib olish va ishlatish usulini keskin o‘zgartirib yuborishi mumkin, biroq bitimga ko‘ra qabul qilingan choralar iqlimda o‘z ifodasini topishi uchun ko‘p o‘n yilliklar kerak bo‘ladi. 197 davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bitimning birinchi galdagi maqsadi global haroratni sanoatlashtirish davrigacha bo‘lgan darajaga nisbatan Tselsiy shkalasi bo‘yicha ikki darajadan ko‘proqqa ortib ketishga yo‘l qo‘ymaslikdir.
Bunga erishishning yagona yo‘li neft xomashyosi va ko‘mirdan energiya manbai sifatida foydalanishni kamaytirish bo‘lishi mumkin. Xalqaro energetika agentligi o‘zining «Xalqaro energetika istiqbollari — 2016» hisobotida energiyaga nisbatan oshib borayotgan talab tarkibida uglerod miqdori kam bo‘lgan yoqilg‘ilar va tegishli texnologiyalar hisobidan qondirilishi mumkinligini ta'kidlagan.
Butun jahon bo‘ylab hukumatlar shamol va quyosh energiyasi kabi tiklanuvchi energiya manbalari, shuningdek tabiiy gazdan keng foydalanishni rag‘batlantira boshlashlari kutilmoqda, chunki tabiiy gazdan foydalanilganda uglerod va ifloslantiruvchi moddalarni havoga ajralib chiqishi ko‘mirdan foydalanilganidan ko‘ra bir necha karra kamroq.
Yaqin 20 yil ichida sohadagi investitsiyalarning 40 foizi qayta tiklanuvchi energetika hissasiga to‘g‘ri keladi
Dunyo qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tayotgan bir paytda ham mavjud energetika obektlari ulkan miqdorda neft iste'mol qilishda davom etmoqda. Umuman olganda esa, energiyaning turli ko‘rinishlariga investitsiyalarning taqsimotida o‘zgarish ko‘zga tashlana boshlashi kutilmoqda. Xalqaro energetika agentligining ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 15 yil ichida jahonda energetika sohasiga kapital qo‘yilmalarining 70 foizi qazib olinuvchi yoqilg‘i sektoriga to‘g‘ri kelgan. Agentlikning kutishicha, kelajakda qayta tiklanuvchi energetika sektoriga sarmoyalar miqdori orta boshlaydi.
Kutilishicha, 2017 yildan 2040 yilgacha bo‘lgan oraliq davrda energiya ta'minotiga 44 trln. AQSh dollari sarflanadi, bu summaning 60 foizi qazib olinadigan yoqilg‘i hissasiga to‘g‘ri keladi. Siljish u qadar katta ko‘rinmayotgan bo‘lishi mumkin, lekin bu 2040 yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalariga 17,6 trln. dollar investitsiya qilinishini bildiradi.
Avtomobillar soni ikki barobar ko‘p bo‘ladi, lekin ular neftdan kamroq foydalanadi
Elektrmobillar salohiyatiga doir barcha shov-shuvlarga qaramasdan, hozircha ularning jahon avtoparkidagi ulushi juda kichik. 2040 yilga borib, bu hol, shubhasiz o‘zgaradi. XEAning baholashicha, bu vaqtga kelib yo‘llarda hozirgiga nisbatan ikki barobar ko‘proq avtomobillar harakatlana boshlaydi, biroq ular hozirgisidan kamroq neft iste'mol qiladi. Bunga bir qator omillar, jumladan, elektrmobillar sonining keskin ortishi hisobiga erishiladi — 2040 yilga borib ularning ulushiga sotilayotgan yangi avtomobillarning yarmidan ko‘prog‘i to‘g‘ri kela boshlaydi.
Kelajakni nimalardan iborat bo‘lishini tasavvur etish uchun, Ford Motor’ning elektrmobillar va gibridlar ishlab chiqarishni kengaytirish borasida yaqinda oshkor qilingan rejalariga nazar tashlash kifoya. Kompaniya AQShdagi o‘z zavodini kengaytirish uchun 700 mln. dollar sarflamoqchi. U yerda elektrmobillarning ikki yangi modeli ishlab chiqariladi, yaqin yillarda esa elektrmobillar va gibridlarning yana oltita modeli taqdim etiladi.
Lekin 2040 yilga borib ham transportlar, ayniqsa, aviatsiya va yuk tashuvchilar uchun qazib olinadigan yoqilg‘i turlariga talab kattaligicha qolaveradi. Neftkimyo mahsulotlariga talab ham oshib ketadi, chunki yanada zichlashgan Yer aholisining plastmassa, rezina, o‘g‘itlar va ko‘plab boshqa mahsulotlarga talabi orta boshlaydi.
AQShning jahonni energiya bilan ta'minlashdagi roli o‘zgaradi
Transport va elektr energiyasi ishlab chiqarish kabi sohalarda tiklanuvchi energiya manbalariga nisbatan talabning oshishi, shuningdek, AQShda qazib olinuvchi yoqilg‘i miqdorining o‘sishi mamlakatlarning o‘zlarini xomashyo bilan ta'minlash va zarur infratuzilmaga ega bo‘lish xohishlariga o‘zgartirish kiritadi. Bu esa Amerikaning harbiy ustuvorligining o‘zgarishiga ham olib kelishi tayin.
O‘nlab yillar mobaynida AQSh jahonning turli qismlarida neft xomashyosiga egalik qilish uchungina o‘zlarining ishtirokini saqlab kelayotgan edi. Biroq, Amerikaning xorijdagi neftga bog‘liqligi ilg‘or texnologiyalar va elektrmobillarning keng tarqalayotgani bilan kamaya boshlamoqda. Bu esa AQShning jahon kemachilik yo‘nalishlarini nazorat qilish zaruriyatini pasaytiradi.
Bir vaqtning o‘zida AQShning elektr ta'minoti tizimini ishchi holatda qo‘llab, uning xavfsizligini turish yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Keyingi bir necha o‘n yilliklar mobaynida mamlakatda ishlab chiqarilgan, jumladan quyosh va shamoldan olingan elektr energiyasi Amerika transport tarmog‘ining katta qismini ta'minlaydi, avtomobillar tomonidan iste'mol qilinayotgan neft miqdori kamayadi va uni import qilish ham qisqaradi.
Shu sababli AQSh hukumati mamlakat ichida energetika va infratuzilma aktivlarini himoyalashga katta xarajat qila boshlaydi, xorijdan kelayotgan neft mamlakat sohillariga yetib kelishini ta'minlash uchungina kamroq mablag‘ ajratadi.
Tabiiy gaz bozori ulushi orta boshlaydi
Keyingi 23 yil ichida ko‘mirga bo‘lgan talab qisqara boshlaydi, biroq neft xomashyosiga bo‘lgan talab ortib borishi mumkin, agar u nisbatan arzon bo‘lib tursa. Yana bir qazib olinuvchi yoqilg‘i — tabiiy gazning ulushi ham global energetik bozorda oshib ketishi mumkin.
Tabiiy gaz suvni zaharlovchi va smog hosil qiluvchi uglerod va zararli zarralar chiqishini generatsiya qiladi, biroq u bugungi kunda uglevodorodlarning «eng tozasi» hisoblanadi. Bundan tashqari texnologiya innovatsiyalar sharofati bilan tabiiy gazni qazib olish arzonlashdi, jahon bo‘ylab talabning oshishi esa ishlab chiqaruvchilar yirik summalarni gazni suyultirish va eksport qilish quvvatlariga investitsiya qilishlariga zamin yaratdi.
Tabiiy gazdan neftkimyo ishlab chiqarish sohasi uchun xomashyo sifatida kengroq foydalanila boshlaydi, ayniqsa AQShda. Birgina keyingi 10 yilning ichida neftkimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari Meksika qo‘ltig‘i sohillarida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga 200 mlrd. dollar sarflashni rejalashtirishmoqda. Bu zavodlar o‘nlab yillar ishlab berishi aniq.
Elektr energiyasisiz yashayotgan insonlar soni ikki barobar qisqaradi
BMT ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda butun jahonda 1,2 mlrd. kishi elektr energiyasidan foydalanish imkoniga ega emas. Garchi BMT 2030 yilga borib barchani yalpi energiya iste'molini ta'minlashga urinayotgan bo‘lsa-da, keyingi 23 yil ichida bunday insonlar soni 500 mln. kishigacha kamayadi, chunki energiya ishlab chiqarishning o‘sishi asosan rivojlanayotgan davlatlar hisobiga ro‘y beradi.
XEAning baholashicha, elektr energiyasidan foydalanmasdan yashashga majbur bo‘ladigan insonlarning aksariyati Sahroi Kabirdan janubdagi Afrikaning qishloq hududlarida turmush kechirishadi.
Suv va energiya yanada qattiqroq bog‘lanadi
Yaqin o‘n yilliklarda suv eng tahdidlarga duchor bo‘lgan resurslardan biriga aylanadi. Iqlimning o‘zgarishi va jahon aholisining doimiy sur'atda o‘sib borishi tufayli 2040 yilga kelib suv yanada qimmatroq va unga yetishish mushkulroq bo‘lishi mumkin. Buning oqibatlari energetika sohasida ham o‘z aksini topadi.
Suv va energetika o‘rtasidagi bog‘liqlik yanada jipsroq bo‘ladi. Chunki yaqin 20–25 yil ichida sayyoramiz aholisi kamida milliard kishiga ko‘payadi, insonlarga toza ichimlik suvining yangi manbalari kerak bo‘ladi. Uning bir qismi dengiz suvini chuchuklashtirish va ishlatilgan suvni tozalash kabi energiya talab qiluvchi usullar orqali olinadi.
Bir vaqtning o‘zida suvning o‘zi ham energiya ishlab chiqarishda muhim rol o‘ynaydi: bu elektr stansiyalarida generatorlarni ishga tushiruvchi bug‘, gidroelektrstansiyalarni ta'minlovchi daryolar, neft va gaz quduqlarida gidroparchalashda foydalaniladigan suv hamdir. Energiya ishlab chiqarish va insonlar hayotini ta'minlash uchun jahonga yanada ko‘proq suv kerak bo‘laveradi.