Yangi davr bir nechta afsonaviy avtomobilsozlik kompaniyalarining hech mubolag‘asiz "halok bo‘lishiga" olib keldi. Mashinalari faxrlanishga loyiq bo‘lgan afsonaviy brendlar bir necha sabablar, jumladan jahon iqtisodiy inqirozi tufayli birin-ketin tarixga aylana boshladilar.
Quyida bir vaqtlar porlagan, hozir esa tarixga aylangan brendlar keltirilgan.
SAAB
Shvetsiyaning SAAB brendi General Motors kompaniyasiga BMW va Mercedes-Benz kabi nemis gigantlariga bosh raqobatchi yaratish uchun ajoyib baza bo‘la olishi mumkindek tuyuldi. Afsuski, GM istiqbolli brendni sotib olgach, unga sarmoya ajratmay qo‘ydi. Brend rivojlanish uchun mablag‘siz tanazzulga uchradi. Biroq hozir SAAB "koma" holatidan chiqib, yana o‘zini ko‘rsatmoqchiligi haqida gaplar yuribdi, ammo buning rasmiy tasdig‘i hozircha yo‘q.
Pontiac
"Pontiak" egalari 1899 yilda avtomobil yaratishni xayollariga ham keltirmagan holda oddiy aravalar ishlab chiqarishgan. 30 yildan keyin brend GM qanoti ostida ilk mashinalarini ishlab chiqara boshlagan. Bonneville va GTO modellari shunchalik muvaffaqiyatli chiqqanki, ular darhol "Amerika klassikasi" deya e'tirof etila boshlangan. 2000-yillar boshlarigacha Pontiac biroz bo‘lsa-da, faoliyat yuritib turgan, biroq 2010 yilda o‘zining uzun yo‘lini yakunlagan.
Oldsmobile
Renson Olds Oldsmobile’ga 1897 yilda asos solgan va ma'lum vaqt butun avtosanoatning yetakchisi bo‘lib qolgan. Omadli va mohir konstruktorga hattoki Genri Fordning o‘zi havas qilgan. 1980-yillarda Oldsmobile’ni sotib olishni o‘ziga badavlat odamlargina ixtiyor qila olgan, biroq keyin brend ommaviyligi yo‘qqa chiqqan. 2004 yilda esa Oldsmobile rasman faoliyatini tugatgan.
Plymouth
AQShning Plymouth brendi Chevrolet va Ford kabi grandlar bilan bozorni bo‘lishishiga to‘g‘ri kelgan. Tan olish kerakki, oxirgi vaqtgacha kompaniya ishlari yomon ketmagan, odamlar "plimutlar"ni ishonchliligi va murakkab masalalar texnik yechimiga nostandart yondashuvi uchun qadrlashgan. Afsuski, 2001 yilda kompaniya o‘z tarixini yakunlagan.
Hummer
Ajablanayotgan bo‘lsangiz kerak, biroq afsonaviy Hummer brendi haqiqatan ham faoliyatini tugatgan. GM katta to‘liq privodli bu yo‘ltanlamaslarga yuqori talab borligini o‘z vaqtida payqab, Humvee harbiy mashinasini ajoyib yo‘ltanlamasga aylantirdi. Ayniqsa, N3 modeli muvaffaqiyatli chiqqan, biroq iqtisodiy inqiroz bu "dinozavr"ni halok qildi.
Mercury
Ushbu brend Ford tomonidan Buick va Chrysler’ga raqobatchi sifatida yaratilgan. Birinchi "Merkuriy"lar bozorda yaxshi qabul qilingan, biroq vaqt o‘tishi bilan "Ford" rahbariyati bu brendga pul tikish foydasiz, degan xulosaga kelgan. Brendning so‘nggi mashinalari dunyo yuzini 2011 yilda ko‘rgan.
Maybach
Uzoq Birinchi jahon urushidan keyingi yillardayoq Maybach yuqori sinfdagi qimmatbaho mashinalar yaratish bilan shug‘ullanishni boshlagan. Daimler brendni sotib olib, uni bozorda tiklashga harakat qilgan, biroq urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangan. 2012 yilda brend rasman tugatilgan.