Norvegiyaning Statoil kompaniyasi arablarning Masdar kompaniyasi bilan birgalikda Shotlandiyaning Aberdin shahridagi dengiz sohili yaqinida Hywind suzuvchi elektr stansiyasini ishga tushirdi. Loyihaning saytida ma'lum qilinishicha, qurilmaning quvvati 30 megavattni tashkil etadi. U quruqlikdan 5 km uzoqlikda, dengiz ichida joylashgan bo‘lib, Piterhed shahrini energiya bilan ta'minlaydi. Suzuvchi qurilma 20 mingta xo‘jalikning ehtiyojini qondira oladi.
Undagi turbinalarning har birining balandligi 253 metrni tashkil etadi — bunda parraklar uchidan dengiz sathigacha masofa nazarda tutilmoqda. Shamol parraklari 175 metr chuqurlikda dengiz tubiga mahkamlangan. Ularning asosida 1200 tonna po‘lat zanjirlardan iborat qalqib turuvchi ballastli po‘kak joylashtirilgan. Generatorlar dengiz tubiga uchtalik troslar yordamida mustahkamlangan. Kompleks beshta generatordan iborat.
Ekspertlarning qayd etishicha, ular uchun dengizga yondosh hududlarda shamol elektr stansiyalarini joylashtirish juda jozibali loyiha hisoblanadi. Chunki bunday joylarda havo oqimlarining kuchi bir qadar yuqori. To‘g‘ri, hozircha mavjud texnologiyalar generatorlarni sohillardan uzoqroqqa joylashtirishga imkon bermaydi. Hywind’da yaratilgan ishlanma kelajakda chuqurlikni eng ko‘pi bilan 800 metrgacha oshirishga izn beradi.
Suzuvchi elektr stansiyasi uchun alohida bir dasturiy ta'minot ishlab chiqilgan va unga ko‘ra, shamol hamda chayqalishga nisbatan vintli parraklar og‘ish burchagi o‘zgarib turadi. Kelajakda obektdan maksimal energetik foyda olish maqsadida qurilma quvvati 1 MVt*soat Batwind maxsus litiy-ionli batareya bilan ta'minlanadi.
Xuddi shunday suzuvchi elektr stansiyalari Amerikaning Men shtati qirg‘oqlari yaqinida ham barpo etilmoqda. Formal jihatdan bunday stansiyalarning tajriba nusxasi ilk bor Norvegiya qirg‘oqlari yaqinida ishga tushirib ko‘rilgan. Bunga ham 8 yilcha bo‘lib qoldi, u hamon ishlab turibdi. To‘g‘ri, u umumiy energiya tarmog‘iga ulanmagan va undan faqatgina tadqiqot maqsadlarida foydalanilmoqda. Daniya va Germaniyada ham minimal chuqurlikka mahkamlangan shunday stansiyalar bor.