Dunyodagi yagona Rolls-Royce pikapi auksionda sotiladi

Fan-texnika 17:40 / 20.10.2017 10099

Britaniyaning Bonhams kimoshdi savdo uyi 11 noyabr kuni Rolls-Royce’ning pikap turidagi kuzovga ega avtomobilini sotuvga qo‘yadi. Bu haqda Motor Authority xabar bermoqda.

Auktsion uyi ma'lumotiga ko‘ra, bu nusxa Rolls-Royce’ning jahondagi yagona pikapi sanaladi. Avtomobilga taniqli kolleksiya yig‘uvchi Lindli Botuell egalik qilgan. Mashina 1926 yilgi 40/50HP Silver Ghost Tilbury Sedan modeli shassisida yaratilgan. U firmaning Massachusets shtati Springfildidagi zavodida yig‘ilgan hamda Santa-Monikada yashovchi Lilian MakKlergga sotib yuborilgan. Botuell avtomobilni 1940-yillarda xarid qilgan hamda uni pikapga aylantirgan. Keyinchalik mashina uning fermasidan sitrus mevalarni tashish uchun ishlatilgan.

Avtomobil biroz ta'mirtalab, sababi, Bonhams vakillarining tushuntirishicha, «kabinada kichik hayvonlar mehmon bo‘lib ketishgan». Lot 50-70 ming dollarga baholanmoqda.

Lindli Botuell (1901-1986) – amerikalik fermer, XX asr boshidagi avtomobillar kolleksionerlarini birlashtiruvchi Amerika otsiz ekipajlari Klubi (Horseless Carriage Club of America) asoschilaridan biri. AQShdagi 1900-1920-yillarga tegishli eng katta avtomobillar kolleksiyasini yig‘a olgan. Botuellning avtomobillari 11 noyabr kuni Bonhams savdolariga qo‘yiladi. Auktsion Kaliforniyadagi uning oilasiga tegishli bo‘lgan Botuell ranchosida o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: