2017 yilning 18 oktabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, ularning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Anjuman Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashabbusi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda «O‘ztransgaz» AK hamkorligida tashkil etildi.
Unda Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Davlat veterinariya qo‘mitasi, «Sanoatgeokontexnazorat» DI, Yong‘inga qarshi kurash jamiyati, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida ta'kidlanganidek, yil boshidan bugungi kunga qadar is gazi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida bozorlarda, qozonxonalar, g‘isht zavodlari va novvoyxonalarda hamda boshqa korxona tashkilotlarda reydlar o‘tkazilib, tekshiruvlar natijalariga ko‘ra 2115 ta nostandart va «qo‘lbola» isitish moslamalari sotuvdan chiqarilgan, 1378 ta obekt faoliyati batamom to‘xtatilgan, shuningdek joylarda 16 mingdan ortiq davra suhbatlari o‘tkazildi.
Bundan tashqari, o‘quv muassasalarida, tashkilot va korxonalarda o‘tkazilgan suhbatlar va seminarlar, shuningdek, mahallalardagi ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar bilan uyma-uy yurib, targ‘ibot ishlari olib borilganligi va 300 mingdan ortiq eslatma, bukletlar tarqatilgan.