2017 yil 13 oktabrda Amerikaning Vashington shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa investitsiya banki bilan mazkur moliya institutining O‘zbekistondagi faoliyatiga doir kelishuv imzolandi. Hujjatni imzolash XVJ boshqaruv kengashi va Jahon banki guruhining qo‘shma yillik majlisi doirasida tashkil etildi. Kelishuvga O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va YeIB vitse-prezidenti Vazil Xudak imzo qo‘ydi, deb xabar qilmoqda TIV matbuot xizmati.
O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ma'lumotlariga ko‘ra, kelishuv bilan YeIBning O‘zbekistondagi faoliyati tartibga solinadi, kafolatlar, imtiyozlar, immunitetlar, bankning O‘zbekistondagi shoxobchasiga va moliyalashtirayotgan loyihalarga soliq tartibi va ustunliklarini belgilab beradi.
Ushbu kelishuv O‘zbekistonda yirik ijtimoiy ahamiyatga molik investitsiya loyihalarni amalga oshirishda YeIB moliyaviy imkoniyatlaridan foydalanishda muhim o‘rin tutadi.
YeIB – 1958 yilda Yevropa mamlakatlari va YeIning hamkor mamlakatlarining taraqqiyotini moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, uning nizom jamg‘armasi 243 mlrd yevroni tashkil etadi.