Amazon qiymati 1 trillion dollardan oshadigan ilk kompaniya bo‘lishi aytildi

Fan-texnika 20:43 / 10.10.2017 5278

Amazon (NASDAQ: AMZN) kompaniyasi bozor qiymati 1 trillion dollardan oshadigan ilk kompaniya bo‘ladi, deb hisoblamoqda Nyu-Yorkdagi Shtern biznes maktabi professori va yaqinda chop etilgan "To‘rtlik: Amazon, Apple, Facebook va Google DNKsi siri" nomli kitob muallifi Skott Gellouey. U bu haqda The Street nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Hozirda Amazon qiymati dunyoning eng qimmat kompaniyasi Apple qiymatining taxminan 60 foiziga teng, ya'ni bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 476 mlrd va 805 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.  Apple an'anaviy tarzda qiymati 1 trln dollardan oshadigan ilk kompaniya bo‘lishga nomzod hisoblanadi. 

Gelloueyning aytishicha, yuqorida tilga olingan 4 ta eng yirik texnologik kompaniya muhim bozorlarda raqobat qilayotgan bir vaqtda Amazon juda oldinlab ketadi.

"Agar Amazon qolgan 3 ta kompaniya bilan qanday raqobatlashayotganiga nazar tashlasangiz, u bu kompaniyalar bilan to‘qnash kelayotgan barcha jabhalarda ularni mag‘lub etmoqda", deb hisoblamoqda olim. 

Gellouey Amazon 13,7 mlrd dollarga Whole Foods Market oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘ini sotib olganini eslatib o‘tdi. Bu xarid oxirgi 20 yil ichida riteyl-biznesda amalga oshirilgan eng yirik bitim bo‘ldi. Olimning fikricha, Amazon an'anaviy savdoning turli tarmoqlarida o‘z ishtirokini tajovuzkor ruhda oshirishni davom ettirmoqda va internetda savdolar hajmini oshirish uchun oflayndagi ishtirokini oshirmoqda. Olimning ta'kidlashicha, kompaniyaning keyingi "nishoni" Nordstrom univermaglari tarmog‘i bo‘lishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: