Bugungi kunda qon oqishini to‘xtatish va inson tanasidagi yaralarni tezroq bitirishga ko‘maklashadigan universal yelimni yaratishga qaratilgan bir necha loyiha mavjud. Turli tadqiqotchi jamoalar masalani yechishga turli tomondan yondashishmoqda. Avstraliyaning Sidney universiteti olimlarini olaylik, ular yelim yaratishda o‘ta elastik oqsillardan foydalanishgan. MeTro deb ataluvchi yelim bilan hattoki o‘pkadagi yaralarni ham yelimlasa bo‘ladi, natijada yaraning bitishi tezlashadi.
Yelimning tarkibidagi oqsillar ultrabinafsha nur ta'sirida juda qayishqoq, a'zolar to‘qimasidan ham mustahkamroq materialga aylanadi. MeTro yaraga sepilgach, bir daqiqa ichida uni to‘liq qamrab oladi. Sekin asta u so‘riladi va uzilgan to‘qimalarni tiklab, ulay boshlaydi. Bu yelim yordamida bugungi kunda tibbiyotda keng foydalanilayotgan choklar va metall simlardan voz kechish mumkin. Yelimdan favqulodda holatlarda, masalan avtohalokatlar va harbiy harakatlar zonasida muvaffaqiyatli foydalanish mumkin.
«MeTro yelimi formulasining qulayligi shundan iboratki, yaraga sepilgach va to‘qimalar bilan aloqaga kirishgach, u suyuqlik fazasini chetlab o‘tib, darhol gel hosil qiladi. U mutlaqo zararsiz, ishlatishda esa juda qulay», — degan jurnalistlarga professor Nasim An-Nabiy.
Yelimning yana bir o‘ziga xos jihati shundan iboratki, organizmga yarani bitirishga imkon berish uchun uning yara ichida so‘rilishini oldindan dasturlashtirish mumkin. Bu maxsus enzimlar yordamida amalga oshiriladi. Yelimdan yasalgan tiqin bir necha soat yoki bir necha oy ichida so‘rilishi mumkin. Olimlar yelimni laboratoriya to‘ng‘izlarining jarohatlangan o‘pkasi va boshqa ichki a'zolarida, shuningdek jarohatlangan arteriyalarda ham sinab ko‘rishdi. Barcha holatlarda yelim qo‘yilgan vazifani a'lo darajada bajardi.