Kelajak yetib kelganda: Frankfurt avtosalonining eng dadil premeralari

Fan-texnika 10:10 / 26.09.2017 29919

2017 yilgi Frankfurt avtosalonida elektromobillarning jur'atsizgina po‘rtanasi yakson qiluvchi sunamiga aylanib ketdi, deb yozadi Forbes.

Eng so‘nggi urfdagi trendlarga rioya qilgan holda avto ishlab chiqaruvchilar benzinli tarkibiy qismdan turli darajada voz kechilgan ko‘plab avtomobillarni taqdim etishdiki, azaliy xaridorlarga mo‘ljallangan bir necha ajoyib premeralar ularning shovqini orasida sezilmay ham qoldi.

Siyosat haqida ham unutmaslik kerak: Angela Merkel to‘rtinchi muddatiga saylandi, uning saylovoldi dasturida cho‘zilib ketgan «dizelgeyt» tufayli katta mablag‘lari va nufuzini yo‘qotgan avto ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash haqidagi band ham bor edi. Mish-mishlarga ko‘ra, endi kansler dizelli dvigatellardan voz kechmoqchi, uning o‘rniga gibridlar va elektrokarlarga keng yo‘l ochiladi. Xususan, Germaniyaning bosh konserni Volkswagen 2030 yilga borib konsern tomonidan ishlab chiqarilgan har bir modelning elektr nusxasini taqdim etmoqchi, ularning soni esa 300dan oshiq. Bu yo‘lda 20 mlrd. yevro sarflanadi, bu VW «dizelgeyt»da yo‘qotganidan biroq ko‘proq summa.

Parijda kuzatilgan, Frankfurtda davom etgan yana bir tendensiya — avtosalonda tan olingan va yetakchi brendlarning ishtirok etishdan bosh tortishi bo‘ldi: pavilonlarda Nissan, Alfa Romeo, Rolls-Royce, Peugeot, Fiat, Infiniti, Jeep, Mitsubishi, Aston Martin, Volvo, Tesla, Chevrolet yetishmadi. Kimdir bir yil muqaddam bor narsasini Jyenevada namoyish qilib bo‘lgan, boshqasi Tokiodagi oktabr shousiga tayyorlanmoqda, Volvo yoki Rolls-Royce singari yana kimdirlar allaqachon iqtisod yuzasidan bunday keng qamrovli emas, torroq doiradagi tadbirlarga diqqatini jamlashini e'lon qilgan. Aftidan, bir necha brendlar mahalliy konsernlar bilan bahslashmaslikka qaror qilgan ko‘rinadi, axir nemis gigantlarining borar yeri yo‘q — o‘z uyida eng yaxshi o‘yinchilarning eng yaxshi tomonlarini namoyish etib berishlari shart.

BMW

10 ming kv.m yuzaga ega alohida pavilonni egallagan BMW darhol tashrifchilarni hayratlantirishga kirishib ketdi. Pavilonning turli zonalarga bo‘lingan markazida Bavariya giganti trek o‘rnatib, o‘nlab yangi mashinalarni harakatga keltirib turdi. Ularning ayrimlari haydovchisiz, o‘zlari yurib turdi! BMW ko‘rgazmasi «Kelajak allaqachon shu yerda» shiori ostida o‘tdi va Frankfurtning Messe’si tomi ostida to‘planganlarga ko‘plab innovatsiyalar va elektrokarlar haqida tushuntirish berib turishdan charchamadi.

BMW X7 iPerfomanceBMW X7 iPerfomanceDR

Anchayin noan'anaviy va jozibador ko‘rinishli BMW X7 bayroqdor krossoveri Bavariya shousining yulduziga aylandi. Avtomobilning oltita alohida o‘rindig‘i bo‘lib, ularning har biri yo‘lovchiga moslashtiriladi. Yo‘lovchilarning har biri planshet vositasida aloqa qilishadi (aftidan, BMW’dagilar kelajakda insonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishni bas qilishadi, deb hisoblashmoqda). X7 saloni minimalistik ruhda yasalgan, biroq bezash yuqori darajada: yog‘och, metall va charm. Kapoti ostida gibrid qurilmaning o‘rnini bosuvchi vodorodli agregat joylashgan.

Bu paytda BMW’dagi oliy darajali amaldorlar kompaniya xarajatlari yiliga 2 mlrd. dollarga qisqartilishini e'lon qilishdi va iqtisod qilingan mablag‘lar elektromobillar ishlab chiqarilishiga sarflanishini aytib o‘tishdi — yaqin 8 yil ichida ana shunday modellardan kamida 12tasi yaratiladi. Hozircha Frankfurtda i3s — gibridning «yuqtirilgan» versiyasigina namoyish etildi.

BMW AG direktorlar kengashi raisi Harald Kryuger va BMW i Vision Dynamics

Qolgan yangiliklar biroz a'anaviy. Uchinchi avloddagi X3 krossoveri — benzin va dizelli dvigatellarda, BMW 6 GT — quvvatli va ikki karra turbolashtirilgan. To‘liq uzatmali M5 yanada kuchliroq qilingan: uning quvvati 600 ot kuchiga teng. Yaqin kelajakda seriyali tarzda ishlab chiqarilishi mo‘ljallanayotgan Z4 va Series 8 kontseptlari ham diqqatga sazovor.

Mercedes

Ko‘p qavatli avtoturargoh shaklida loyihalashtirilgan Mercedes paviloni yanada esda qolarli va hashamatli ko‘rinishga ega bo‘ldi. Uning hududida adashib qolish hech gap emas: muxlislarga yuzga yaqin avtomobillar taqdim etildi. Uning jalb etish markazida zamonaviy hayotning eng qimmatbaho seriyali avtomobili unvoniga da'vogar Mercedes AMG Project One giperkari bo‘ldi. 2,75 mln. deb baholanayotgan narxiga qaramasdan kelajakda ishlab chiqariluvchi barcha 275 dona Project One salongacha yoki salon vaqtida sotib bo‘lingan. U shuncha pulga arziydi ham-da: «Formula-1» texnologiyalari asosida yaratilgan giperkarning quvvati 1000 ot kuchidan yuqori, uni bir yo‘la to‘rtta motor yetkazib beradi: turbopuflamali benzinli motor to‘rtta elektrodvigatel bilan to‘ldirilgan.

Daimler AG rahbari Diter Tsetshe Mercedes-AMG Project ONEni taqdim etmoqda

Superkar fonida Shtutgartdan keltirilgan, muhimlikda undan qolishmaydigan yangiliklar: 100 kmga 2 litrdan kam yoqilg‘i sarflaydigan S-Class flagmanining gibridli modifikatsiyasi va hashamatli yaxta ko‘rinishida yasalgan 6 metrli Mercedes-Maybach Vision 6 Cabrio kontsepti bilinmay ketdi.

Audi

«Katta uchlik»ning yana bir vakili yangiliklarda ziqnalik qilib o‘tirmadi, ayniqsa elektrokarlar borasida. Xususan, A8 flagmanining to‘rtinchi avlodi to‘laqonli avtopilotga ega bo‘ldi, u qo‘lning rulda bo‘lishini ham talab etmaydi, shunchaki haydovchi uxlab qolmaganligini nazorat qilib turadi, xolos. Audi Aicon kontsept-kari singari kelajak avtomobili aynan u yoki bu piktogrammaga nigoh tashlanishi vositasida boshqariladi. Aicon’da hattoki rul yo‘q, pedallar va xavfsizlik kamari ham mavjud emas: dizaynerlarning o‘yiga ko‘ra, avtomonom boshqariluvchi mashinalar avtohalokatga duchor bo‘lishmaydi. Qizig‘i shundaki, 800 voltli avtomobil simsiz quvvatlanadi, o‘zi quvvatlash stansiyasini axtarib topadi va unga ulanadi.

Audi Aicon / Forbes

Zamonaviy trendlar uchun o‘rta klassdagi ekologik avtomobillar — A4 Avant g-tron va A5 Sportback g-tron javob beradi. Bular hali Audi’ning keng qamrovli ekodasturining qaldirg‘ochlari hisoblanadi: 2022 yilga kelib rusum o‘z xarajatlarini 10 milliard yevroga qisqartirib, ortgan pullarni elektromobillarni rivojlantirishga sarflamoqchi.

Volkswagen

Avtosalon vaqtida Volkswagen rahbari Matias Myuller yangi elektromobillarga sarflanadigan 20 mlrd. yevrodan tashqari, konsern litiy akkumulyatorlarini ommaviy ishlab chiqarishga aql bovar qilmaydigan 50 mlrd. yevroni tikishni mo‘ljallayotganini e'lon qildi. Kontsern rahbarlarining barchasi ham kelajakda yoppasiga elektrlashishga ishonqiramay turganida, bunday bayonot berish jasoratning o‘zginasi.

Volkswagen I.D. CROZZ / Forbes

Urfning vaqti hali bitmagan ekan, trendda bo‘lib turish lozim. Frankfurtda VW elektrli krossover I.D. CROZZ’ning 3 yildan so‘ng seriyali ishlab chiqarilishi va'da qilingan yangilangan modeli namoyish etildi. CROZZ kelajakda I.D elektrlashtirilgan oilasining bayroqdoriga aylanadi va hetchbek va miniven ko‘rinishlari ham ishlab chiqariladi.

I.D.ni kuta turib, yorqin yangilik — Golf bazasida yaratilgan, Polo-SUV va Tiguan o‘rtasidagi bo‘shliqni to‘ldirishi maqsad qilingan T-Roc’dan ham bahra olish mumkin.

Porsche

Porsche Cayenne Turbo 2019 / Forbes

Nemislarning yana bir kompaniyasi odatiga ko‘ra lo‘nda qarorga kelgan: Porsche o‘zining bayroqdor yo‘ltanlamasi Porsche Cayenne’ni yangilash bilan cheklangan, u oldingi nusxalariga nisbatan tezroq va quvvatliroq qilindi. Mission E kontsepti bazasida yaratilgan kompaniyaning ilk elektrokarini esa yana 2 yil kutishga to‘g‘ri keladi: Tesla’ning raqobatchisini yaratish uchun 1 mlrd. dollar sarmoya kiritilgan va u 2019 yilda seriyali ishlab chiqariladi.

Bentley

Yangi Bentley Continental GT / Forbes

An'analarga sodiq marka nihoyat oldinga katta qadam tashlashga qaror qilibdi. Continental GT kupesining tashqi ko‘rinishi tubdan o‘zgartirilgan: avtomobilning ko‘rinishi zamonaviy dizayn tendensiyalariga javob bera oladi va Bentley’dagilarning umid qilishicha, yoshroq xaridorlarni jalb etadi. Quvonarlisi, 48 voltli elektr tizimi faqat stabilizatorlar uchun javob beradi, Continental GT’ni olti silindrli, ikki turbinali, quvvati 635 ot kuchiga teng motor yurgizadi.

Skoda

Skoda KAROQ / Forbes

I.D. CROZZ krossoverini yangilagan VW ortidan Skoda ham uyoq-buyog‘i pardozlangan Vision E’ni namoyish etdi va u 2020 yilda seriyali ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Chexlarning boshqa bir dolzarb yangiligi ham krossover: kompakt Karoq modellar qatorida Kodiaq’dan pastroqda joylashadi va Yeti yo‘ltanlamasi o‘rnini bosishi rejalashtirilgan.

Karoq tashqi ko‘rinishi bilan Kodiaq’ning kichraytirilgan versiyasini eslatib yuboradi, hattoki o‘z nomini ham Kadiak orolida yashovchi alutiik xalqi talaffuzidagi «avtomobil» so‘zidan olgan.

Toyota

Yapon markasi Frankfurtga yangi Land Cruiser Prado’sini olib keldi. Umuman olganda, oldingi avlodning pardoz ta'miri amalga oshirilgan, o‘zgarishlar umumbashariy bo‘lmasa-da, bor, ko‘p va ular birdek yoqimli. Mashinaning oldingi qismi sezilarli darajada o‘zgargan: yangi qanotlar va o‘rtasi chuqur kapot Prado’ni Land Cruiser 200’ga yaqinlashtirgan. U yangi yorug‘lik diodli faralar, radiator panjarasi, qayta ishlangan old va orqa bamperlar, yukxona eshigi, orqa tomon optikasiga ega. Prado kuzovi endi 60 mm uzunroq. Eng asosiysi, uning kuzovi hamon ramali, bu esa hozirgi vaqtda kamyob hodisa.

Toyota Land Cruiser Prado / Forbes

Nissan va Land Rover eltuvchi kuzovga o‘tgan bir paytda, Toyota o‘ziga ham, muxlislariga ham xiyonat qilmayapti. Doimiy to‘liq uzatma va differensiallarning majburiy blokirovkasi ham joyida. Boz ustiga, endi Multi-Terrain Select (MTS) tizimida avtomatik rejim paydo bo‘ldi, elektron sozlamalarga esa Sport S va Sport S+ kabi ikkita rejim qo‘shildi. Kuch agregatlari oldingidek qoldi: 2,8 litrli benzinli dvigatel (177 ot kuchi) dan tashqari, yo‘ltanlamas mashina boshqa bir 2,7 litrli benzinli dvigatel (163 ot kuchi) va 4,0 litrli — farqi endi 289 ot kuchi o‘rniga soliqlardan iqtisod qilish maqsadida motor 249 ot kuchigacha tezlashtiriladi. Prado ichi ham borgan sari Land Cruiser 200’ga o‘xshab bormoqda: isitiluvchi yangi rul, yangilangan asboblar paneli va multimedia (8 dyuymli sensorli ekranga ega Toyota Touch 2), pastlatuvchi uzatma uchun alohida shayba.

Jaguar Land Rover

Britaniyaliklar Frankfurtga oltita yangi mashina keltirishdi, ularning beshtasi Jaguar brendiga taalluqli. Jaguar E-PACE’ga allaqachon dastlabki buyurtmalar qabul qilinmoqda, to‘liq uzatmali yangilik sportcha F-TYPE’ga o‘xshab ketadi.

Novyy Jaguar I-PACE / Forbes

I-Pace krossoverining poyga versiyasi ham diqqatga sazovor, u kelgusi yildan tobora ommalashib borayotgan «Formula Ye»da qatnashadi. Avtomobil aynan elektr kuchlanish bilan harakatga keladi va quvvatlanishsiz 500 km yo‘l bosa oladi. Jaguar I-PACE’ning eTROPHY poygasida 20ta bolid ishtirok etadi. Land Rover esa Discovery SVX’ning eng murakkab yo‘lsiz hududlar uchun mo‘ljallangan ekstremal versiyasi bilan xushnud qildi.

Lexus

Lexus NX 2018 / Forbes

Lexus Frankfurtga Yevropaga oid ikkita premerasini keltirdi: kompakt krossover NX va qayta ishlangan CT. NX’ga yengilgina fayz berilgan — to‘laqonli yangi avlod 3-4 yildan keyin paydo bo‘ladi.

Lexus stendi tashrifchilar uchun noodatiy taqdimoti bilan ko‘proq yodda qoldi. Stend bo‘ylab virtual voqealik ko‘zoynaklarini taqib sayr qilish mumkin bo‘ldi.

Renault

Renault Symbioz / Forbes

Nihoyat keng ommaga ilk bor namoyish etilgan yangi Duster ko‘pchilikda taassurot uyg‘otgan bo‘lsa-da, Forbes Life’ga kelajak avtomobili konsepsiyasi — Symbioz loyihasi ko‘proq manzur bo‘ldi. Symbioz hattoki kontsept-kar ham emas, u shunchaki ekotizim variantlaridan biri bo‘lib, unda uy va avtonom avtomobil juda uyg‘unlashtirilgan. Renault’dagilarning o‘yiga ko‘ra, 2030 yilga kelib avtomobillar to‘liq avtonomlashadi va «aqlli» uylar bilan aloqaga kirishadi, maishiy elektr tarmog‘idan quvvat oladi yoki uni quvvatlaydi. Elektrokarning mehmonxonada yoki tomda joylashtirish uchun to‘xtash joyi ham nazarda tutilgan.

KIA

Kia Proceed / Forbes

KIA stendidagi yorqin qirmizi nuqta — bu Proceed deb nomlangan, manaman deb ko‘zga tashlanib turadigan va jonli kontsept edi. Kontseptning karbonli kuzovi fenomenal Lava Red rangiga — 19 qavat qora tusli bo‘yoq, xrom effektli kumush tusli bo‘yoq va qizil tusli ton beruvchi lak bilan bo‘yalgan. Avtomobil obrazini 20 dyuymli g‘ildirak disklari, qisqa old osilma, keng g‘ildirak arkalari to‘ldirib turibdi.

Koreya brendi Frankfurtda KIA Sorento Prime bayroqdor krossoverining yangilangan ko‘rinishini ham taqdim etdi..

Hyundai

Hyundai i30 N / Forbes

Koreyaning yana bir kompaniyasi — kutilmaganda avtosalonda o‘zlarini o‘z uyidagidek his qila boshlashdi: aytishlaricha, kompaniyaning dizayn studiyasi va sport bo‘linmasi Germaniyada joylashgan ekan. Shu sababli Yevropadagi osiyoliklarning mavsum yangiligi i30 N sportcha hetchi bo‘ldi, u tashqi tomonidan ham, kuchli xarakteristikalari bilan ham kupega o‘xshaydi. 275 ot kuchi seriyali ishlab chiqarilishi mo‘ljallanayotgan kompakt hetchbek uchun salobatli raqam hisoblanadi. Hyundai shuningdek, uning og‘aynisi, xushbichim besh eshikli i30 Fastback kupesini ham taqdim etdi.

Ko‘proq yangiliklar: