Dubayda elektromobillar egalariga bepul avtoturargohlar va quvvatlash shoxobchalari taqdim qilinadi. Shahar shu tariqa aholini elektrotransportga o‘tishga undamoqda, deb yozmoqda Bloomberg axborot agentligi. Neftga boy BAA odamlarning neftga bog‘liqligini kamaytirish va uning ekologiyaga ta'sirini kamaytirish maqsadida ekologik toza transportga o‘tmoqchi.
Dubayda jamiyat avtomobillarga kuchli bog‘langan, shaharlar bo‘ylab polosalari 14 tagacha yetadigan yo‘llar yotqazilgan. Bu yerda neft juda ko‘p, biroq hukumat elektromobillarni ommaviylashtirish haqida o‘ylamoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2020 yilda shahar ko‘chalarida 32 mingta elektromobil harakatlanadi, 2030 yilga kelib esa ular yana 10 mingtaga ko‘payadi.
2015 yilda shaharda elektromobillarni quvvatlash uchun 100 ta ustun o‘rnatilgandi. Endi keyingi yilda yana 100 ta o‘rnatish va'da qilinmoqda. Odamlarni elektromobillar xarid qilishga undash maqsadida bu quvvatlash ustunlari xizmati 2019 yilgacha bepul bo‘ladi. Shuningdek, bunday mashinalar egalari bepul parkovka imkoniyatini olishadi, mahalliy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi elektromobil bilan bilan bog‘liq ro‘yxatga olish harakatlarini va bunday transport uchun soliqni bekor qiladi.
Yaqin Sharq davlatlarining taktikasi davlat ichida neft ishlatilishini qisqartirish hisoblanadi. Bu uni ko‘proq miqdorda eksport qilish imkonini beradi. Dubay hissasiga dunyodagi neft zaxiralarining taxminan 6 foizi to‘g‘ri keladi.
Qo‘shni Saudiya Arabistoni esa 2030 yilgacha toza energetikaga 50 mlrd dollar sarflamoqchi. Mamlakat atom elektrostansiyalari loyihalarini va neftga bog‘liqlikni sekin-asta kamaytirishning boshqa choralarini ishlab chiqmoqda. Misol uchun, bu yerda dunyodagi eng yirik shamol elektrostansiyasi loyihasi ishga tushirilmoqda. Neftdan tushadigan pullar bu davlatlarni ichki bozor uchun toza energiya ishlab chiqaruvchi yirik davlatlarga aylantirmoqda.