Forbes'da Xitoy milliarderlari ro‘yxati yetakchisi o‘zgardi 

Iqtisodiyot 18:10 / 25.09.2017 12272

Xitoyning China Evergrande Group yirik ko‘chmas mulk developeri raisi Syuy Tszyain Osiyoning eng badavlat kishisi sifatida e'tirof etildi. Forbes Real Time ma'lumotlari shundan dalolat bermoqda. 

Forbes reytingida milliarder shiddat bilan ko‘tarildi: u Xitoyning bundan avvalgi eng badavlat kishilari reytingida to‘qqizinchi o‘rinni egallagan edi, iyul oyi oxirida esa uchinchi pog‘onaga ko‘tarildi. O‘shanda Syuy Tszyainni Alibaba asoschisi Jyek Ma va Tencent telekommunikatsion kompaniyasining asoschisi Ma Xuaten ortda qoldirgan edi. 

Endi esa vaziyat o‘zgardi - moliyaviy holati 42,2 milliard dollarga oshgan Syuy Tszyain birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Xuaten 39,1 milliard dollarga boyib, ro‘yxatda ikkinchi bo‘ldi. Moliyaviy holati 38,9 milliard dollar bo‘lgan Jyek Ma esa uchinchi o‘rinni egalladi. Forbes'ning global reytingida  Evergrande 15-o‘rinda qayd etilgan.

Tszyainning parvoziga Evergrande aksiyalari narxining keskin oshishi sabab bo‘ldi - 21 sentabrning o‘zidayoq ular 4,6 foizga - 3,9 dollargacha qimmatlashdi, umuman olganda esa, ular oxirgi yilda besh marta qimmatlashdi. 

Qimmatbaho qog‘ozlar hisobot chop etilgandan keyin qimmatlashdi. Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, uning 2017 yil birinchi yarim yillikdagi daromadi 115 foizga, 28 milliard dollargacha o‘sdi, sof daromad esa - 832 foizga. 30 iyun holatiga ko‘ra, kompaniya aktivida 547 amalga oshirilgan loyiha bo‘lgan.

Tszyainning reytingda yuqorilashi ayni damda Xitoy iqtisodiyotidagi vaziyatni aks ettiradi - so‘nggi bir necha yilda XXR ko‘chmas mulk bumini boshdan kechirmoqda, mamlakat iqtisodiyotining 15 foizini ko‘chmas mulk tashkil qiladi. 2016 yilda Xitoyda yangi uylar narxlari 12,4 foizga o‘sdi, bu 2011 yildan buyon eng katta ko‘rsatkichdir.

Ko‘proq yangiliklar: