Markaziy bank tomonidan valyuta kursining erkinlashtirilishi natijasida tijorat banklari kredit portfelining xorijiy valyutadagi qismi bo‘yicha vujudga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar tahlil etildi.
Markaziy bank valyuta siyosatini liberallashtirish natijasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ta'sirlarni yumshatish maqsadida tijorat banklari Boshqaruvlariga:
• xorijiy valyutada kredit olgan har bir mijoz bilan birgalikda ushbu kreditlarni qaytarish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish;
• o‘rganish natijasida mijozning pul oqimi amaldagi kredit shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatini amalga oshirishga yetmagan taqdirda, mijoz bilan birgalikda, oylik to‘lovni 2017 yilning sentabr oyiga qadar amalga oshirilgan to‘lov miqdoridan kamaytirmagan holda, asosiy qarzni qaytarish miqdorini keyingi muddatlarga o‘tkazish orqali kamaytirish yoki kreditni qaytarish muddatini uzaytirish yuzasidan kredit shartnomasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish masalasini ko‘rib chiqishni tavsiya qildi.