Elektromobillar dunyoni egallamoqda. Har yili tobora ko‘plab modellar paydo bo‘layapti. Ishlab chiqaruvchilar va davlatlar yana 20 yillardan keyin ichki yonuv dvigatellaridan butunlay voz kechishga va'da berishmoqda. Ammo ichki yonuv dvigatelli mashinalar ishlab chiqaruvchilar taslim bo‘lishni xayoliga ham keltirgani yo‘q. Ular ham yangi texnologiyalarni taklif etib, samaradorlikni oshirishmoqda. Quyida benzinli dvigatellarning muqobil dvigatellar bilan kurashiga doir fikrlar bildirilgan.
Barchasi imkon qadar kuchaytirilmoqda
Hozirgi ichki yonuv dvigateli (IYoD) XIX asrdagisidan tubdan farq qiladi. Uning samaradorligi arzon elektromobillar paydo bo‘lgunicha ham ancha yaxshilangan edi. AQSh atrof-muhitni muhofaza qilish agentligiga ko‘ra, so‘nggi 40 yil mobaynida yoqilg‘ini tejash ko‘rsatkichlari qariyb 2 baravar ortdi.
Ushbu jadvalda Amerikada ishlab chiqariladigan avtomobillarning 10975 yildagi ko‘rsatkichlariga nisbatan qiyosi keltirilgan. Sariq rangda — yoqilg‘ini tejash, yashil rangda — vazn, qizili — ot kuchlari.
Umuman, 2005 yildan 2015 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida dunyoda har 100 kmni bosib o‘tish uchun 1 litr kamroq benzin yoki boshqa turdagi yoqilg‘ini kamroq sarflashgan. Xalqaro energetika agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yili bu ko‘rsatkich har 100 kmga 7,6 litrgacha pasaygan. Global maqsad esa 2030 yilga kelib ushbu raqamni 4,4 litrgacha pasaytirishdir.
Benzinli dvigatel o‘zgarishda davom etmoqda
Benzinli ichki yonuv dvigatelini yaxshilash karbyurator o‘rnini elektron injyektor egallaganidan beri to‘xtab qolgani yo‘q. Ommaviy ishlab chiqarilayotgan avtomobillarda kuchni kamaytirmasdan motor hajmini kichraytirish uchun turbokuchaytirgich ko‘proq qo‘llanilmoqda. Biroq shu bilaan tejash ko‘rsatkichlarini ham yanada yaxshilashga urinishlar ham davom etayapti.
2018 yili Nissan yonilg‘i aralashmasi siqilishini kompyuter vositasida boshqarib, «ko‘cha» tartibidan «poyga» tartibiga dvigatel ichidagi porshenlarning mexanik ko‘rsatkichlarini o‘zgartira oladigan mashinani ishlab chiqaradi. Hatto, oddiy mashinalarga tanklar va samolyotlarda bo‘lgani kabi porshenlari qarama-qarshi holatda o‘rnatilgan motorlarni o‘rnatish takliflari ham mavjud. Tadqiqotchilarga ko‘ra, bu samaradorlikni 50 foizga oshiradi.
Yangi narsa o‘ylab topa olmasangiz aldash ham mumkin
Ma'lumki, 2015 yili Volkswagen dizel avtomobillarida maxsus dasturiy ta'minotdan foydalandi. U zararli gazlarni o‘lchaydigan nazorat qiluvchi idoralarni aldash uchun qo‘llanilgan. Garchi bu ekologik me'yorlarga rioya qilinishini isbotlash uchun amalga oshirilgan bo‘lsa-da, aslida mashinalar laboratoriya sharoitlaridagina yoqilg‘ini tejashgan.
Alaloqibat, VW muammoni bartaraf etishga milliardlab dollar sarflaydigan bo‘ldi.
Benzin va dizel — ichki yonuv dvigatellarining asosiy yoqilg‘isidir. Biroq boshqa yonuvchi ashyolar: tabiiy gaz, biodizel, etanol va hatto suv o‘tlarini ham qo‘llasa bo‘ladi. Bugungi kunda bioyoqilg‘idunyo yonilg‘i bozorining 4 foizini tashkil etmoqda. Tabiiy gaz ulushi bir foizdan kam. Ammo aynan tabiiy gazdan foydalanuvchi avtomobil egalari soni 2040 yilga kelib sezilarli o‘sishi mumkin.
Gibridlar
Benzinli va elektrokarlar o‘rtasidagi asosiy kelishuv namunasi bu — gibrid avtomobillardir. Bu mashinada IYoD bilan bir qatorda elektromotor ham mavjud. Akkumulyator IYoDdan yoki tormozlash chog‘ida quvvatlanadi. Albatta, bu kabi transport vositalarini ishlab chiqishda Toyota kashshof bo‘ldi. U 2017 yilga kelib 10 mln dona shunday avtomashinalarini sotishga ulgurdi. Hozircha bu jarayon o‘sishda davom etmoqda.