Kun.uz 17 dekabr kuni foydalanuvchilar va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar vakillariga tayanib O‘zbekistondagi elektromobillarni quvvatlash uchun o‘rnatilgan stansiyalarni o‘chirib qo‘yish boshlangani haqida xabar bergan edi.
Shundan so‘ng Energetika vazirligi bayonot berib, stansiyalarni tarmoqdan uzib qo‘yish bo‘yicha vazirlik tomonidan topshiriq berilmaganini ma’lum qildi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ham raddiya berib, “faqatgina qarzdorligi bor iste’molchilar” tarmoqdan uzilayotganini bildirgan edi.
“Hozir ham stansiyalarimiz ishlamayapti”
Holat yuzasidan Kun.uzʼga quvvatlash stansiyalari bozoridagi kompaniyalar yana murojaat qildi.
“Hammasi 9 dekabr kunidan boshlandi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga tegishli tashkilotlar Toshkent shahridagi stansiyalarimizni ommaviy ravishda o‘chira boshladi. Ayni paytda ham 24 ta stansiyamiz ishlamayapti, muhrlab ketishgan. Sabab sifatida elektrdan qarzimiz borligini keltirishyapti. Aksariyat stansiyalar boshqa obektlar – savdo markazlari, restoranlar, mehmonxonalar va supermarketlarning transformatorlariga ulangan. Biz ular bilan shartnoma tuzganmiz. Transformator egalari o‘z navbatida elektr to‘lovlarini amalga oshiradi.
Masalan, Index bozoriga 4 ta stansiya o‘rnatganmiz, bu yerda biz subabonentmiz. Ya’ni ishlatgan elektr energiyamiz bo‘yicha bozorga to‘lov qilamiz. Shu nuqtayi nazardan, keyingi oylar uchun ham oldindan to‘lovlarni amalga oshirib qo‘yganmiz. “Hududiy elektr tarmoqlari” xodimlari kelib, faqat bizning stansiyamizni o‘chirgan, bozordagi boshqa hamma obektda elektr ta’minoti mavjud. Agar qarzdorlik bo‘lsa, butun bozorda elektr o‘chishi kerak, lekin faqat bizning hisoblagichimizni muhrlab ketishgan.
Bunday holatlar restoranlarning avtomobil qo‘yish joylariga o‘rnatgan stansiyalarimizda ham bo‘ldi. Ularda stansiya restoranga tegishli, biz xizmat ko‘rsatamiz. Oldindan keyingi 1 oylik taxminiy to‘lov ham o‘tkazib qo‘yilgan. Lekin elektriklar faqat stansiyani tokdan uzgan, restoran odatdagiday ishlayapti.
Keyin, aqlli hisoblagichlar o‘rnatilgan bo‘lsa, pul tugagan taqdirda tizimning o‘zi avtomatik o‘chadi-ku”, deydi Kun.uz suhbatlashgan kompaniya rahbarlaridan biri.
Uning qo‘shimcha qilishicha, benzinda yuradigan mashinalardan farqli ravishda, elektromobillar uchun boshqa alternativ resurs yo‘q. Stansiyalarning yopib qo‘yilishi, ayniqsa, qish oylarida haydovchilar uchun jiddiy noqulayliklarni yuzaga keltiryapti.
Megawatt Energy kompaniyasi xodimining Gazeta.uz’ga ma’lum qilishicha, o‘tgan hafta boshida ularning ham 20 ga yaqin stansiyasi o‘chirib qo‘yilgan.
Toshkentdagi stansiyalarni demontaj qilish talab etilyapti
Elektromobillarni quvvatlash sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar nafaqat toksiz, balki stansiyasiz qolishi ham mumkin. O‘tgan hafta oxiridan boshlab, ular Kadastr agentligidan stansiyalarini demontaj qilishni talab etuvchi xatlar ola boshlagan.
Xatda yer ruxsatsiz egallab olingani sabab qurilmalarni demontaj qilish talab etilgan. Talablar bajarilmagan taqdirda esa, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallaganlik va unda qurilish ishlarini olib borganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasiga asosan ish qo‘zg‘atilishi nazarda tutilgan.
“Men Toshkent shahar kadastr boshqarmasiga bordim. Ular Toshkent shahridagi barcha stansiyalarning ro‘yxati va ularni o‘rnatish uchun asos bo‘ladigan shartnomalarni so‘radi. Ular restoran o‘zlarining mijozlari uchun parkovka qilib qo‘yishi qonuniy ekanini, o‘sha parkovkada stansiya qurilishi noqonuniy ekanini aytdi. Qonuniy yo‘li qanday bo‘ladi, bormi o‘zi, deb so‘radim. Yo‘q, deb javob berishdi.
Ularning o‘zlari ham K-savdo bir necha yildan beri Toshkent shahrida yopiq ekanini biladi, tan ham olishdi. Ya’ni nima qilsak qonuniy bo‘ladi, degan savolga javob yo‘q”, deydi murojaatchi.
Kadastr agentligi matbuot xizmatining Gazeta.uz’ga ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida yer uchastkalaridan “o‘z maqsadiga muvofiq foydalanilmagan” holatlar aniqlangan. Xususan, boshqa maqsadlar uchun ajratilgan hududlarda elektr stansiyalari o‘rnatilgan.
Kun.uz agentlikdan bu borada qonuniy yo‘l qandayligini so‘radi, ammo bu savolga hozircha javob berilgani yo‘q.
Ma’lumot uchun, “Elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida 2024 yil 1 yanvardan boshlab respublikada qurib bitkaziladigan savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘yidagi infratuzilma obektlarining loyihalariga majburiy tartibda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini kiritish talabi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining noyabr oyidagi qarorida esa 2025 yil oxirigacha O‘zbekistonda 32 mingdan ortiq avtomobillarni quvvatlantirish stansiyalari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.