Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Microsoft kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ikki tomonlama hamkorlik yo‘nalishlari ifodalangan hujjat O‘zbekiston hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida jahonning nufuzli kompaniyalaridan biri bo‘lgan Microsoft bilan aloqalarni yangi bosqichga ko‘taradi, deya xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi sayti.
Hujjatda intellektual mulkni himoya qilishni kuchaytirish, O‘zbekistonda kiber xurujlarga qarshi tizimlarini mustahkamlash, axborot texnologiyalari va "bulutli" texnologiyalarda, shuningdek mobil ishlanmalar, ochiq ma'lumotlar hamda "salmoqli ma'lumot" (big data) ni tarqatish va qayti ishlashda, dasturiy ta'minot ishlab chiqarish, "internet buyumlari" uchun ishlanmalar tayyorlash yo‘nalishlarida innovatsiyalarni amalga oshirish kabi istiqbolli hamkorlik belgilab olindi.
Hamkorlik memorandumiga ko‘ra, aloqalar bosqichma-bosqich mustahkamlanib boradi va amalga oshiriladi. O‘zaro hamkorlik o‘rnatish shartlariga ko‘ra, Microsoft kompaniyasi o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan "bulutli" va mobil texnologiyalar bo‘yicha tajriba hamda bilimlarini o‘rtoqlashadi, startaplarni amalga oshirish va "bulutli" va mobil biznes-ishlanmalarni, ochiq va salmoqli ma'lumot tizimlarini yaratish, shuningdek IT-ko‘nikmalarni va kiber xurujlardan himoyalanish bo‘yicha tashkil qilinadigan mashg‘ulotlarni o‘tkazishda malakali ekspertlar bilan qo‘llab-quvvatlaydi.