Samsung Galaxy A (2018) smartfonlari yangi protsessorlar bilan jihozlanadi

Fan-texnika 00:24 / 20.09.2017 9785

Gaplarga qaraganda, Samsung kompaniyasi 2018 yilgi Galaxy A3, A5 va A7 smartfonlari versiyalari ustida qizg‘in ish olib bormoqda. Bu qurilmalar 2017 yil oxiri yoki 2018 yil yanvarida chiqarilishi kutilmoqda. Sohadagi manbaning ma'lum qilishicha, kompaniya yangi Galaxy A smartfonlar qatori uchun Exynos 7885 chipini qo‘llaydi, ba'zi hududlarda esa smartfonlar Exynos 9610 chipini oladi. Ikkala chip ham eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega.  

Iyulda kompaniya o‘z smartfonlari uchun yangi chiplar – Exynos 7885 (14 nm) va Exynos 9610 (10 nm) ishlab chiqarayotgani ma'lum bo‘lgandi. Ma'lum qilinishicha, bu chiplar yil oxirigacha rasman taqdim qilinadi. Hozirdayoq shu ma'lumki, Exynos 9610 chipi kompaniya Galaxy S8 va Galaxy Note 8’ning xalqaro versiyalariga o‘rnatadigan Exynos 8895’ga mos unumdorlikni ta'minlaydi. Exynos 7885 esa unumdorligi bo‘yicha Qualcomm Snapdragon 660’ga yaqin.

Exynos 9610 chipi 64 razryadli, 8 yadroli chipset bo‘lib, 2,4 GGts chastotada ishlovchi 4 ta ARM Cortex A73 yadrosi va 4 ta energiya samarador Cortex A53 yadrosi bilan jihozlangan. Chipsetda Mali-G71 MP20 grafik protsessori va to‘liq integrallashtirilgan LTE-modem o‘rnatilgan. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, protsessor 10 yoki 14 nanometrli arxitekturalarga asoslangan.

Exynos 7885 protsessori Exynos 9610’dan kuchsizroq bo‘ladi va 2,1 GGts chastotada ishlovchi 2 ta ARM Cortex A73 yadrosi hamda 4 ta Cortex A53 yadrosi oladi. U Mali-G71  grafik protsessori va LTE modemi bilan jihozlanadi.

Gaplarga qaraganda, Galaxy A seriyasidagi barcha qurilmalar ikkilangan kamera oladilar. Bu seriyaga kiruvchi smartfonlardan biri Samsung Galaxy A7’ning ko‘rsatkichlari internetda paydo bo‘ldi: 

Displey: 5,7 dyuymli Samsung Infinity Display;
Protsessor: Exynos 7885;
Xotira: 3 GB tezkor va 32 GB doimiy;
Kamera: 16+8 Mp li asosiy va 16 Mp li old kameralar;
Operatsion tizim: Android 7.1.1 Nougat.

Ko‘proq yangiliklar: