Rio Ferdinand: Futboldan boksgacha sinovli yo‘l

Sport 17:20 / 20.09.2017 11188

 

«Manchester Yunayted»ning sobiq sardori Rio Ferdinand professional boks bilan shug‘ullanmoqchi ekanini ma'lum qildi. Butun futbol faoliyatida Terri Anri, Dide Drogba kabi hujumchilarni to‘xtatib qolish bilan shug‘ullangan himoyachi endi professional bokschilarga qarshi to‘qnash keladi. Va uni e'tiborga olish kerakki, bu qaror Rio Ferdinand uchun piar yoki o‘zini eslatishga bo‘lgan harakat emas.

Boks Rio uchun nafaqat sport karerasini davom ettirish imkoniyati, balki, o‘ziga yarasha yupanch vazifasini ham o‘tadi, deyish mumkin. Uning rafiqasi Rebekka rakka chalinib vafot etgach, qahramonimiz uch bola bilan yolg‘iz qoldi.

Foto: BBC Sports

Rio Ferdinand – «Manchester Yunayted» va ingliz futboli tarixida eng yaxshi himoyachilardan biri bo‘ldi. Olti karra Angliya chempioni, Moskvada bo‘lib o‘tgan YeChL finalida sardorlik bog‘ichida maydonda harakat qilgan, Angliya terma jamoasi sardori. Uning himoya markazidagi Nemanya Vidich bilan tandemi 21-asrda Angliyadagi eng mustahkam himoya qo‘rg‘oni deb tan olingandi.

2014 yilda u «Manchester Yunayted»ni tark etdi va bir yil «Kuinz Park Renjyers»da o‘ynadi. U yerdagi mavsum muvaffaqiyatsiz kechdi, jamoa Premer Ligadagi o‘z o‘rnini saqlab qololmadi. Mavsum tugashiga bir oy qolganda esa, Rioning rafiqasi Rebekka ko‘krak rakidan vafot etdi. 2013 yilda muvaffaqiyatli operatsiya qilingan bo‘lsa-da, Rebekkaning hayotini saqlab qola olishmadi.

Ferdinand uch bola bilan yolg‘iz qoldi. U hayotida ilk bor maishiy yumushlarga o‘ralashib qoldi – bolalarni maktabga va mashg‘ulotlarga olib borish, ularga yeguliklar tayyorlab berish, kiyimlarni tozalash. Bu haqida Ferdinandning o‘zi VVS tomonidan olingan xujjatli filmda so‘zlab berdi. Ko‘p icha boshladi.

Ammo bolaligi qashshoq mahallalarda o‘tib, «Manchester Yunayted»ning sardori darajasiga yetib bora olgan Rioning hayoti doim qiyinchiliklarni yengish bilan o‘tgan – u bu safar ham o‘zini tezda qo‘lga ola bildi.

Hozir u Angliyaning mashhur sport telekanalida ekpertlik qiladi – u sobiq klubning har qanday o‘yinini muxlislarga tahlil qilib berishi, «Barselona» – «PSJ» o‘yinida penalti belgilagan hakamni bo‘ralab so‘kishi, futbolchilardan intervyu olishi mumkin. Ferdinand tvitterda ham, instagramda ham juda faol, u yerda o‘z hayotidan lavhalar bilan o‘rtoqlashadi, bolalarni qanday shug‘ullantirayotganini namoyish qiladi.

Foto: BBC Sports

Rafiqasining vafotidan so‘ng, Rioni hayotga qaytargan, yashash tarziga o‘ziga xos mazmun olib kirgan mashg‘ulotlardan biri – trenajyer zali bo‘ldi.

«Bu yerdagi mashg‘ulotlarsiz, bilmadim, hech narsani o‘ylamaslik, hayotimdagi o‘zgarishlar haqida fikrlamaslik uchun yana qayerda, qanday joy topa edim», – deydi u Mens Health jurnaliga bergan intervyusida.

2017 yilning yanvarida u instagramga shunchaki, jismoniy mashg‘ulotlardan tashqari, boksdan ta'lim olayotgani haqida ham video qo‘ydi. Hazilomuz tarzda Tayson Fyuri, Toni Bell, Devid Hey kabi bokschilarni jangga chorladi. Va mana endi, bugun, bu gaplar hazil emasligini, sobiq futbolchi haqiqatan ham boks bilan jiddiy shug‘ullanish, hech bo‘lmasa, bir marotaba ringga chiqish uchun bel bog‘laganini ko‘rib turibmiz.

«Yangi sport turida ham o‘zimni sinab ko‘rish  men uchun haqiqiy chaqiriq bo‘lardi. Boks – jism uchun ham, aql uchun ham ajoyib sport turi. Boks doim meni o‘ziga jalb etib kelgan va bu chaqiriq – o‘zimni ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyat», – deydi 38 yoshli Rio Ferdinand.

VVS Rio haqidagi yangi xujjatli film uchun mashg‘ulotlarni suratga olib bormoqda.

Meduza material asosida

Ko‘proq yangiliklar: