Xalq banki chorvachilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan 1414 ta loyihaga 162,3 mlrd so‘m kredit ajratdi

Iqtisodiyot 14:52 / 20.09.2017 43550

O‘zbek xalqi azaldan bag‘rikengligi, mehnatkashligi bilan nom qozongan. Ayniqsa, so‘lim tabiat bag‘rida, qishloqlarimizda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz chorvachilik, parrandachilik va boshqa ko‘plab faoliyat turlari bilan doimiy ravishda shug‘ullanib kelishgan. Birgina chorvachilikning o‘zi aholining sut, go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi mumkin. Demak, bu sohani yanada rivojlantirish foydadan xoli emas.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli topshiriqlariga asosan, Xalq banki mamlakatimizda chorvachilik sohasini rivojlantirish masalalariga mas'ul hisoblanib, joriy yilda bu sohada bajarilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab olingan.

Xususan, 2017 yilda qishloq xo‘jaligining 9 ta sohasini yanada rivojlantirish, ayniqsa, Respublikamizda chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish hisobiga ichki iste'mol bozorlarini arzon va sifatli chorvachilik mahsulotlari bilan ta'minlash hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida bank tomonidan qator ishlar amalga oshirildi.

Oxirgi o‘n yil mobaynida hukumatimiz tomonidan sohada nasldorlikni oshirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida chorvachilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari xorijdan keltirilgan nasldor qoramollar bilan ta'minlanmoqda. Shu bois Xalq banki tomonidan birgina joriy yilning o‘zida Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari hamda “Nasl-xizmat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar ishtirokida har bir chorvachilik yo‘nalishidagi  xo‘jalik bo‘yicha alohida xo‘jalik pasporti ishlab chiqilib, shakllantirildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Xalq banki tomonidan chorvachilik yo‘nalishidagi 1 414 ta loyihaga 162,3 mlrd. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratib berildi. Quvonarlisi shundaki, amalga oshirilgan loyihalar hisobidan 7726 yangi ish o‘rni yaratildi.

Bundan tashqari, 14,4 mln. AQSh dollari miqdoridagi  mablag‘ konvertatsiya qilinishi evaziga xorijdan olib kelingan 4 513 bosh nasldor qoramol xo‘jaliklarga tarqatildi.

Samarqand viloyatining Past darg‘om tumanidagi “Chortut”  fermer xo‘jaligi Germaniya davlatidan 4,1 mlrd.so‘m kredit mablag‘lari hisobiga 400 bosh “Golshtin” zotli naslli qoramollari olib kelish bo‘yicha import shartnoma imzolab, 196 bosh olib kelindi va shu yilning oktabr oyiga qadar yana qolgan 204 bosh naslli qora mollar to‘liq olib kelish ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi “Raxmon-Taraqqiyot-omad” chorvachilik-burdoqichilik korxonasi Germaniya va Ukraina davlatlaridan 1,3 mlrd.so‘m kredit mablag‘lari hisobiga 190 bosh “Golshtin” va “Simmental” zotli naslli qoramol, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Anor Agro Chorva” fermer xo‘jaligi Germaniyadan 1,4 mlrd.so‘m kredit hisobiga sut yo‘nalishidagi 165 bosh “Golshtin” zotli naslli qoramol, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani “ABDUKARIM - NURJAN ZIYOSI” fermer xo‘jaligi ayni davlatdan 1,5 mlrd.so‘m kredit mablag‘lari hisobiga sut yo‘nalishidagi 150 bosh naslli qoramol olib keldi. Hozirda ular tomonidan sut va sut mahsulotlari qayta ishlanib, aholiga yetkazib berilmoqda.

Shu bilan birga, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi “Yangi Asr” fermer xo‘jaligida 18,0 mlrd.so‘mlik loyiha asosida xorijdan naslli qoramollar, sut va sut mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish hamda zamonaviy chorva komleksini barpo etish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi “Istiqlol” xususiy savdo ishlab chiqarish korxonasi 15,0 mlrd. so‘mlik loyiha asosida xorijdan naslli qoramollar, sut va sut mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish hamda zamonaviy chorva komleksini barpo etish ishlari olib borilmoqda.

Bank tomonidan chorvachilikning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan echkichilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Chexiya davlatlaridan jami 3476 bosh echki sotib olish uchun 8,7 mlrd. so‘m bo‘lgan 8 ta import shartnomalari tuzildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, sut yo‘nalishidagi 1261bosh naslli echkilarni, jun yo‘nalishidagi 804 bosh naslli echkilarni keltirish uchun ishbilarmonlarga 1 mln. 290 ming AQSh dollari konvertatsiya qilib berildi.

Aytish joizki, butun dunyo bo‘yicha echkichilikning go‘sht, sut va tivit yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, bu soha bilan shug‘ullanish alohida muhit va tayyorgarlik, ortiqcha xarajatlarni talab qilmaydi. Ayniqsa, bizning iqlim sharoitimiz sohani rivojlantirishga juda mos keladi.

Xalq banki ko‘magida barpo etilgan Buxoro viloyatining Buxoro tumanida faoliyat yuritayotgan “Buxoro temir otlari” ma'suliyati cheklangan jamiyati 980 mln.so‘m kredit mablag‘i hisobiga 356 bosh “Zaanen” zotli naslli echkilar olib keldi. Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidagi “Baxt imkon rivoj chorvasi” fermer xo‘jaligi Germaniyadan sut yo‘nalishi bo‘yicha 292 bosh “Zaanen” zotli naslli echkilar keltirdi. Bundan tashqari, ushbu fermer xo‘jaligi Avstriya davlati bilan 1,8 mlrd.so‘m kredit mablag‘i hisobiga 1000 boshli  “Zaanen” zotli naslli echkilar olib kelish bo‘yicha import shartnomasi imzolab, shu yilning sentabr oyiga qadar naslli echkilarni to‘liq olib kelish ishlari amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Panayev Farms” fermer xo‘jaligi ham sut yo‘nalishi bo‘yicha 1,3 mlrd.so‘m kredit mablag‘lari hisobiga 305 bosh “Zaanen” zotli echkilarini olib kelib,  echkichilikni rivojlantirish bo‘yicha dadil qadamlarni tashlamoqda.

Bunday komplekslarning yaratilishida yuqori sifatli echki go‘shti yetishtirishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish, sohada naslchilik bilan shug‘ullanuvchi fermer va dehqon xo‘jaliklarini ko‘paytirish, echkichilik tarmoqlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklar tashkil etish kabi qator ustuvor vazifalar ham belgilangan.

Joriy yil yakuniga qadar chorvachilik yo‘nalishida 107 mlrd.so‘m kredit mablag‘lari ajratilishi va 8230 bosh naslli qoramol chet eldan olib kelinishi rejalashtirilgan.

Xulosa qilib aytganda, Xalq banki tomonidan har bir chorvachilik komplekslarining zamonaviy talablarga javob beradigan moddiy-texnika bazasini bosqichma-bosqich rivojlantirishga alohida e'tibor berilmoqda. Bu esa o‘z navbatida ishlab chiqarish jarayonlarining yanada kengayishiga, mehnat unumdorligini oshishiga, eng muhimi fuqarolarimizni o‘z faoliyatidan rozi bo‘lishiga zamin yaratadi.

Ko‘proq yangiliklar: