Borgan sari ko‘proq ishlab chiqaruvchilar dunyodagi eng ilg‘or elektrokarni ishlab chiqarish poygasiga qo‘shilmoqdalar. Bu gal Porsche kompaniyasi o‘ziga e'tiborni qaratdi. Kompaniya 2015 yildayoq The Mission E nomli ilk elektrokarini yaratishini e'lon qilgandi. Mashinaning seriyali ishlab chiqarilishi 2020 yilga belgilangandi, biroq yaqinda shu ma'lum bo‘ldiki, mashina savdoda belgilangan muddatdan bir yil avval paydo bo‘ladi.
Hashamatli Porsche The Mission E mashinasi elektr dvigatelga ega 4 eshikli sportkar bo‘lib, undagi 600 ot kuchiga ega dvigatel va to‘liq privod unga 100 km/soat tezlikka 3,5 soniyada erishishga imkon beradi. Biroq eng yoqimlisi, mashina akkumulyatori tez quvvatlana oladi. Avtomobil batareyasi bor-yo‘g‘i 15 daqiqa ichida 80 foizgacha to‘ladi, bunday zaxira bilan 400 km gacha yo‘l bosib o‘tish mumkin. Mashina to‘liq zaryadda 435 km yo‘l o‘ta oladi.
The Mission E modeli Tesla’ning flagman modelining asosiy raqibi sifatida tasniflanmoqda. Porsche prezidenti Oliver Blum bo‘lg‘usi avtomobil narxini e'lon qilgan. Mashina 80 ming dollar turadi va bu Tesla kompaniyasi Model S uchun so‘rayotgan 62 ming dollar narxdan qimmatroqdir.
Mashina savdoda avval e'lon qilingandek 2020 yilda emas, balki 2019 yilda paydo bo‘lishi kutilmagan xabar bo‘lgan. Bu haqda rasmiy matbuot-anjuman vaqtida kompaniya prezidenti ma'lum qilgan.