Mercedes-Benz’ning norvegiyalik dilerlari EQ brendining elektr krossoveriga buyurtmalar olishni boshlashdi.
Hozircha mashina faqatgina Generation EQ Concept prototipi ko‘rinishida mavjud. Nemislar uni o‘tgan yil Parij avtosalonida namoyish qilishgandi. Model konveyerga 2019 yilda qo‘yiladi va EQC modeli sifatida sotiladi. Mashinaning seriyali versiyasi kontseptning dizaynini saqlab qolishi taxmin qilinmoqda.
Norvegiya bejizga elektrokrossoverga buyurtmalar olish boshlangan birinchi davlat bo‘lmadi, bu davlatda "yashil" modellar katta talabga ega. Mijoz buyurtma qoldirishi uchun 20019 kron miqdorida pul to‘lashi lozim. Agar mijoz mashinani xarid qilish istagidan qaytsa, unda to‘langan pullar qaytarilib beriladi.
EQ’ning qolgan elektrokarlari kabi krossover yangi platformada quriladi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, krossoverning savdoga chiqariladigan versiyasi kontsept kabi kuch qurilmasi oladi. Generation EQ ikkita elektr motor va 70 kVt-soat sig‘imga ega litiy-ionli batareyalar bloki bilan jihozlangan. Dvigatellarning umumiy quvvati 408 ot kuchini beradi, yurish zaxirasi esa 500 km ni tashkil qiladi.
Krossoverdan keyin bozorga ehtimol elektr xetchbek chiqariladi. Ushbu modelning kontsepti EQA Frankfurt motor-shousi doirasida taqdim qilingandi. Daimler 2020 yilgacha kamida 10 ta elektr model sotishni rejalashtirmoqda.